Vazirlar Mahkamasining “Davlat ilmiy dasturlari doirasida amalga oshiriladigan ilmiy loyihalar xarajatlarini rejalashtirish, moliyalashtirish va hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizom O‘zbekiston davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat ilmiy dasturlari doirasida amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot loyihalar xarajatlarini rejalashtirish, moliyalashtirish va hisobini yuritish tartibini belgilaydi.

Loyihalar xarajatlarini moliyalashtirish davlat budjetidan ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.

Ilmiy loyihalar Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablari asosida amalga oshiriladi.

Loyihaning moliyaviy hajmi loyihani tanlovga taqdim qilishdagi ijrochi tashkilot tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqilgan xarajatlar kalkulyatsiyasi va asoslantirilgan hisob-kitoblarda aks ettiriladi.

Shartnomada loyiha bajarilishining butun davri uchun ko‘rsatilgan moliyaviy mablag‘ loyiha bajarilish muddati tugagunga qadar o‘zgarmaydi.

Ilmiy-texnik kengashning ushbu loyihalarni moliyalashtirishni davom ettirish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risidagi xulosalariga asosan, buyurtmachi kollegial organi qaroriga muvofiq, loyihalarni moliyalashtirishni muddatidan oldin to‘xtatish bundan mustasno.

Loyihalarning har bir ijrochisi faqat bir loyihada to‘liq stavkada va ikki loyihada o‘rindosh sifatida ishtirok etishi mumkin, bunda ular umumiy ulushi bir yarim stavkadan oshmasligi lozim.

Shtatlar jadvalini tasdiqlashda 0,5 shtat birligidan tashqari to‘liq bo‘lmagan stavkalarni o‘rnatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Jami 0,25gacha bo‘lgan barcha shtat birliklari o‘chiriladi, 0,25dan 0,75gacha bo‘lgan shtat birliklari 0,5gacha va 0,75dan yuqori bo‘lgan shtat birliklari to‘liq 1 shtat birligi miqdorida yaxlitlanadi.

Ijrochi tashkilot loyihalar sifatli bajarilishini ta'minlash va qulay sharoit yaratish maqsadida loyiha rahbari taklifiga ko‘ra “vaqtinchalik ilmiy mehnat jamoasi” tashkil etishi mumkin.

Bunda jamoaga boshqa tashkilotlar xodimlari ham a'zo bo‘lishi mumkin. Ijrochi tashkilot rahbari loyiha rahbarini jamoa rahbari etib tasdiqlaydi.