30 oktyabr kuni Toshkentda ma’lumotlarni boshqarish mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbiri xabar berishicha, tadbirda Soliq qo‘mitasi faoliyatida ma’lumotlarni jamlash va foydalanish sohasida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, onlayn nazorat-kassa mashinalarining avtomatlashtirilgan axborot tizimi doirasida to‘planayotgan ma’lumotlar ko‘lami ko‘rsatildi. Unda ma’lum vaqt oralig‘ida qaysi mahsulot qay miqdorda sotilganini ko‘rish mumkin.
ONKM avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil oktyabr oyiga qadar 2,1 milliard donadan ortiq chek berilgan. Bu cheklar tushumi 251 trillion 497 milliard so‘mdan oshadi – qariyb 19,7 milliard dollar.

Taqdimotda eng ko‘p sotilayotgan mahsulot va xizmatlar, shuningdek, faoliyat turlari bo‘yicha tushum ko‘rsatilgan.
Faoliyat turlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari (652 mingta), transport xizmatlari (230 mingta) hamda farmatsevtika mahsulotlari (199 mingta) uchun eng ko‘p cheklar berilgan. Sotilgan tovar va xizmatlar borasidagi eng ko‘p cheklar esa — transport xizmatlari (247 mingta), alkogolsiz ichimliklar (205 mingta) hamda dori vositalari (190 mingta) uchun berilgan.
Agar chek summalari borasida hisob-kitob qilinsa (yashirib qo‘yilgan bo‘lsa-da, jadvaldagi o‘rinlar cheklarning umumiy summasi asosida tartiblangani ko‘rinib turibdi), o‘zbekistonliklar pulini birinchi navbatda oziq-ovqat mahsulotlari va alkogolsiz ichimliklar uchun sarflayotganini ko‘rsatmoqda.

Ikkala ustunda ham ikkinchi o‘rinda eng ko‘p sarflanayotgan pullar dori vositalari (farmatsevtika mahsulotlari) ekanini ko‘rish mumkin.
ONKM cheklaridagi yana bir holat e’tiborga molik. Sotilgan mahsulotlardagi chek summalari bo‘yicha o‘zbekistonliklar oziq-ovqat va dori vositalaridan keyin eng ko‘p metan gazi uchun pul to‘layapti.
Sotilgan dori vositalari sarflangan pul miqdori – 15 trillion 512 milliard 910 million so‘mdan (taqriban 1,2 milliard dollar) oshadi. Dorilarning 22 foizi – 3 trillion 280 milliard so‘mlik mahalliy mahsulot bo‘lsa, 78 foizi – 12 trillion 232 milliard so‘mlik xorijiy mahsulotlar hisoblanadi.









