Davlat statistika qo‘mitasining 2021 yil 10 martda o‘tkazgan kuzatuvlariga ko‘ra, Toshkent shahrining «Eski jo‘va» va «Qo‘yliq dehqon bozor»larida mahalliy paxta yog‘i 11 ming so‘mdan (minimal narx), «Farhod dehqon bozori»da kungaboqar yog‘i 19500 so‘mdan (maksimal narx) sotilmoqda.
Qo‘mita fevral oyining mos davrida e'lon qilgan xabarida, kungaboqar yog‘i (maksimal) «Mirobod dehqon bozori»da 19 ming so‘mdan sotilayotgandi. Shuningdek, Kun.uz o‘rganishlariga ko‘ra, shu davrda «Qo‘yliq dehqon bozori»da kungaboqar yog‘i o‘rtacha 17-19 ming so‘m, ayrim kungaboqar yog‘i turlari (masalan, «Ideal» yog‘i) 30 ming so‘m atrofida sotilayotgani ma'lum bo‘ldi.
«Yog‘-moy sanoati korxonalari uyushmasi» ma'lum qilishicha, o‘simlik yog‘i narxi 17 foizga oshgan.
Tovar-xomashyo birjasida paxta yog‘i narxida barqarorlik kuzatilmoqda: 2021 yil 18 fevral holatiga ko‘ra, paxta yog‘i birjada 12 664 so‘mdan sotilgan bo‘lsa, o‘tgan oyning mos davrida 12 892 so‘mga baholangan.
O‘zbekistonda nega paxta yog‘i narxida barqarorlik kuzatilayotgan bir paytda kungaboqar yog‘i narxi keskin oshdi?
Yog‘-moy sanoati korxonalari uyushmasi raisi o‘rinbosari Qamar Serkayevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, kungaboqar yog‘i narxi oshishiga katta hajmda oziq-ovqat xomashyolarini yetishtiradigan davlatlarda ham pandemiya tufayli o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish tufayli yerlarga ekin ekilmay qolib ketgani, shuningdek, ekinlarga yaxshi qaralmagani natijasida hosil kamaygani sabab bo‘lgan.
«Nafaqat o‘simlik yog‘i, balki barcha oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha narxlar 2020 yilning 4-choragida o‘sish kuzatildi. Yog‘-moy bo‘yicha eng katta xomashyo bazamiz Rossiya hisoblanadi. Rossiyaning o‘zida ham o‘tgan yili 15 million tonnadan ko‘proq moyli xomashyo yetishtirilgan, bu yil 12,5 million tonna deb ma'lumot berildi. Rossiya o‘z ehtiyojlariga o‘rta hisobda xomashyoning 8 million tonnasini ishlatadigan bo‘lsa, odatda 6,5 million tonnasini eksportga - O‘zbekiston, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Turkiya va eng katta xaridori Xitoyga sotadi. Natijada salkam 2,5-3 million tonna hosil kam olindi va chetga sotadigan xomashyosi ham kam chiqdi.
Shuning natijasida Rossiya o‘z bozoridan mahsulot chiqib ketmasligi va bozorini himoya qilish uchun turli to‘siqlar qo‘ydi. Bugungi kunda O‘zbekiston Rossiyadan moyli xomashyolardan, asosan, kungaboqar, soya urug‘i sotib oladigan bo‘lsa, 30 foizlik bojxona boji qo‘yiladi. Masalan, 400 dollarga bir tonna xomashyo sotib olinsa, birdaniga 120 dollar ustiga qo‘yiladi. Natijada xomashyo qimmat kirib mahsulot narxi qimmatlashgan», dedi uyushma raisi o‘rinbosari.














