Sport | 14:54 / 14.03.2021
26465
4 daqiqa o‘qiladi

JCh-2022 saralashi Saudiyada turnir sifatida o‘tkaziladi. Vadim Abramov buning milliy jamoaga ta'siri haqida gapirdi

Futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionati Qatarda o‘tkaziladi. Pandemiya sabab Osiyo mintaqasidagi saralash o‘yinlari bir necha marta qoldirildi. OFK nihoyat saralashni qanday yakunlab qo‘yish bo‘yicha bir qarorga keldi. Har bir guruhdagi qolgan o‘yinlar guruhdagi biror jamoaning maydonida o‘tkaziladi. Xususan, O‘zbekistonning guruhidagi qolgan o‘yinlar iyun oyida Saudiyada o‘tadi. Bu natijalarga va o‘yinga qanday ta'sir qiladi? O‘yinlarning ko‘chirilgani va endilikda tayyorgarlik qanday bo‘lishi haqida O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan suhbatlashdik.

Murabbiy saralash o‘yinlari mezbonligini Saudiya qo‘lga kiritganidan hayron qolganini aytdi. Chunki yozda Saudiyada havo juda issiq bo‘ladi va Abramovga ko‘ra, issiqqa ko‘nikib bo‘lmaydi. Bo‘lar ish bo‘ldi, endi shunga qarab tayyorgarlik ko‘rishni boshlaymiz, dedi murabbiy.

Ikkita o‘yindagi g‘alaba yetarli bo‘ladimi?

Ayni damda O‘zbekiston o‘zi ishtirok etayotgan «D» guruhida 5-turdan keyin 9 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Saudiya esa bitta o‘yin kamroq o‘tkazgan holda 8 ochko bilan ikkinchi o‘rinda. Vadim Abramovning fikricha, ko‘pchilik Saudiyaga qarshi o‘yin hal qiluvchi bo‘lishi haqida gapirayotgan bir vaqtda O‘zbekiston uchun Yaman va Singapurga qarshi ikkita o‘yinda g‘alaba qozonish ham yetarli bo‘lishi mumkin. Saudiya bilan o‘yin esa katta ehtimol bilan guruh g‘olibini aniqlab beradi.

O‘zbekiston Yaman va Singapurni mag‘lub etgan holda Saudiya bilan o‘yinga 15 ochko bilan yetib borishi raqibga ham bosim yuklashi tabiiy. Bu orada Saudiya ochko yo‘qotishi ham mumkin. Guruh g‘oliblari bilan birga eng yaxshi ikkinchi o‘rin sohiblari ham keyingi bosqichga chiqishini inobatga olsak, chindan 15 ochko O‘zbekiston uchun yetarli bo‘lishi mumkin.

Vadim Abramov saralash mini-turnir sifatida o‘tishining yana bir noqulayligi haqida gapirdi. Ya'ni bu vaqtda legionerlar mavsumni yakunlagan, mahalliy chempionatdagilar hali o‘ynayotgan bo‘ladi. Doston Hamdamov, Jaloliddin Mashapirov kabi futbolchilar esa saralash o‘yinlarida uzoq vaqt dam olmay ishtirok etishga majbur bo‘ladi. Chunki ular O‘zbekiston chempionati yakunlanishi bilan BAA chempionati jamoalariga yo‘l olishdi va endilikda may oyida mavsumni yakunlab, yana milliy jamoa yig‘inida ishtirok etishga majbur. Eldor Shomurodov ham 21 may kuni mavsumni yakunlab, bir necha kun dam oladi-da, milliy jamoa yig‘iniga qo‘shiladi.

Vadim Abramov milliy jamoaga chaqiriladigan futbolchilarning na yoshiga va na mashhurligiga qarashini aytdi. Murabbiy Sardor Rashidov uzoq vaqtdan buyon milliy jamoaga chaqirilmagani haqida gapirar ekan, endilikda «Paxtakor»da o‘ynayotgan futbolchini kuzatish murabbiy uchun oson bo‘lishini, Sardorda hamma kabi imkoniyat bir xil ekanini aytdi.

Abramovning fikricha, yig‘inlarda boshqa futbolchilarning ishtirok etgani, lekin asosiy o‘yinlarda milliy jamoaning asosiy tarkib futbolchilari qatnashishi, ya'ni asosiy tarkibdagi yigitlar uzoq vaqt birga o‘ynamagani ularning o‘zaro bir-birini tushunishiga xalaqit berishi mumkin va bu muammoni hal qilish to‘g‘ridan to‘g‘ri murabbiylarning vazifasi.

O‘tkir Jalolxonov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhammadjon G‘aniyev.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid