Sherzod Ahmatovning ta'kidlashicha, bugungi kunda 1 gigabayt hajmdagi mobil internet xizmati o‘rtacha narxi 6-7 ming so‘mni tashkil etmoqda.
“Adliya vaziri 1 gigabayt mobil internet (Hindistonda 950 so‘m, Isroilda 1,2 ming so‘m, Qirg‘izistonda 2,2 ming so‘m, Italiyada 4,5 ming so‘m, Ukrainada 4,9 ming so‘m, Qozog‘istonda 5 ming so‘m) O‘zbekistonda 16 ming so‘mni tashkil etishini keltirib o‘tgan. Mazkur ma'lumotlar 2020 yil 24 fevraliga oid. Shu bilan birga, O‘zbekistondagi operatorlarning aynan qaysi tarif reja yoki paketlari haqida ma'lumot olingani ko‘rsatilmagan.
2021 yil mart oyi holati bo‘yicha respublika aholisining oylik o‘rtacha internet sarfi 4-5 gigabaytni tashkil etadi. Aynan shu asosda amaldagi mobil internet paketlari narxi tahlil qilinsa, 1 gigabayt hajmdagi mobil internet xizmati o‘rtacha narxi 6-7 ming so‘mni tashkil etmoqda.
2019-2021 yillarda internet xizmatlari uchun tarif mavjud texnik quvvatlarni keskin oshirish hisobiga operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi orqali taqdim etiladigan 1 megabit/s tezlikdagi kanal narxi 2 barobarga arzonlashtirildi va hozirgi kunda ushbu xizmat narxi 40 000 so‘m deb belgilangan.
Shu bilan bir qatorda, “O‘zbektelekom” tomonidan 2019-2021 yillarda:
- mobil aloqa abonentlari uchun internet paketlari (1 megabayt uchun) narxi 5 barobargacha arzonlashdi hamda kiritilgan internet trafigi hajmi o‘rtacha 3-5 martagacha oshirildi, bir qator tarif rejalarida taqdim etiladigan internet trafik miqdori 30 foizgacha orttirildi;
- simli internet xizmatlari bo‘yicha jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan internetga keng polosali ulanish xizmatlari tariflari narxi o‘rtacha 4,6 barobarga pasaytirildi va ulanish tezligi 6-7 barobarga oshirildi. Yuridik shaxslar uchun esa internet xizmatlari narxi 3 barobardan ko‘proqqa pasaytirildi, internetga ulanish tezligi esa 4 martagacha oshirildi, barcha abonentlar uchun Uz-IX/Tas-IX tarmoq resurslari orqali foydalanilgan trafik uchun to‘lov olinmaydi, ushbu tarmoqlardan yuqori tezliklarda foydalanish imkoniyati taqdim etildi (misol uchun: tashqi internet tezligi 4 megabit/s bo‘lgan tarif rejalarda Uz-IX/Tas-IX resurslaridan 100 megabit/s tezlikda foydalanish imkoni taqdim etilgan).
Optik tolali aloqa liniyalarini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda. 2018 yilda optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 26,6 ming kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda esa 72 ming kilometrgacha yetkazildi. Joriy yil oxiriga qadar esa ushbu ko‘rsatkich 118,6 ming kilometrgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda 1 millionta Internet tarmog‘iga keng polosali ulanish portlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 3 millionga yetkazildi. 2021 yil oxiriga qadar portlar soni 3,9 milliongacha yetkaziladi.















