«U qilgan ishlari uchun tovon to‘laydi», dedi Bayden AVS telekanaliga intervyu berar ekan. Biroq Bayden Putinni aynan nima kutayotgani haqida gapirmadi. Shunda jurnalist kutilmaganda Putin haqida yana bir savol berdi: «Putinni qotil deb o‘ylaysizmi?». Biroz o‘ylanib turgan Bayden «Ha» deb javob berdi.
Baydenning bu intervyusidan keyin Moskva birjalarida dollar va yevroning kursi qimmatlay boshladi. Dollar kursi 73,71 rubl turgandi va Baydenning so‘zlaridan keyin 57,75 kopeykaga qimmatladi. Yevro ham shuncha qimmatladi.
Kremldagilar hozircha Baydenning so‘zlariga munosabat bildirishmadi, lekin Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin Bayden bu gapi bilan rossiyaliklarni haqorat qilganini aytdi. «Bayden bu so‘zlari bilan bizning fuqarolarni haqorat qildi. Bu kuchsizlarning talvasasi. Putin – bizning prezidentimiz, shunday ekan unga qilingan hujum – bizga qilingan hujum», deb yozdi Volodin o‘z kanalida.
AQSh razvedkasi hisoboti
Seshanba kuni AQSh razvedkasining hisoboti e'lon qilingan va unda Eron hamda Rossiya mamlakatdagi 2020 yilgi saylovlar natijasiga ta'sir qilishga uringani aytilgandi. Shuningdek, hisobotda hech bir davlat AQSh saylovlari jarayonida byulletenlarni soxtalashtirishga, ovoz berish jarayonida to‘g‘ridan to‘g‘ri aralasha olishga muvaffaq bo‘lmagani ta'kidlangan. CNN o‘z manbalariga tayanib yozishicha, AQSh bu bayonot ortidan keyingi haftada Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e'lon qiladi.
Razvedka hisobotiga ko‘ra, Rossiya bu gal 2016 yilda bo‘lgani kabi saylovchilarni ro‘yxatga olish va byulletenlarni hisoblashga aralashmagan, lekin Trampning imkoniyatlarini oshirish uchun dezinformatsiya ishlarini olib borgan. Hisobotda aytilishicha, Putin Baydenning imkoniyatlarini pasaytirish bo‘yicha shaxsan o‘zi ko‘rsatma bergan. Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi bu hisobotni asossiz deb atadi.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya AQShning 2016 va 2020 yilgi saylovlariga aralashmagani, har ikki ayblov sanksiyalar uchun bahona ekanini ta'kidlagan.
«Men sizni bilaman...»
Bayden AVS telekanaliga bergan intervyusida Putin bilan telefon orqali suhbati tafsilotlari bilan o‘rtoqlashdi: «Biz uzoq gaplashdik. Putinga «Men sizni, siz meni bilasiz. Agar [saylovlarga] aralashgan bo‘lsangiz, bizning javobimizga tayyor turavering», dedim. Lekin Rossiya bilan umumiy manfaatlarimiz bo‘lgan sohalarda hamkorlik qilishimiz mumkin. Aynan shu sabab men yadro kelishuvimizni uzaytirishni taklif qildim», dedi Bayden.














