Norvegiya politsiyasi tug‘ilgan kunida koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan cheklovlarni buzgan bosh vazir Erna Sulbergga nisbatan surishtiruv boshladi. Bu haqda The Local nashri xabar bermoqda.
"Matbuotda e'lon qilingan ma'lumot hamda bosh vazirning bayonotlariga asosan politsiya kasallanishni nazorat qilish to‘g‘risidagi qoidalarning ehtimoliy buzilishi yuzasidan surishtiruv boshlashga qaror qildi", - deyiladi janubi-sharqiy politsiya okrugi bayonotida.
Sulberg fevral oxirida o‘zining 60 yoshga to‘lishini oilasi bilan Geylo chang‘i kurortida nishonlagan.
Xabarlarga ko‘ra, cheklovlarda 10 kishidan ortiq guruh bo‘lib to‘planmaslik belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, 25 fevral kuni 13 kishi restoranga borgan. Sulbergning o‘zi bu davrada bo‘lmagan. Ertasiga esa ijaraga olingan xonadonda bosh vazirning o‘zi bilan 14 kishi to‘plangan.
"Men har kuni odamlarga kasallanishni nazorat qilish to‘g‘risida gapiraman va qoidani hammadan yaxshiroq bilishim kerak edi. Ammo oila bir joyga yig‘ilsa va davrada 10dan ortiq kishi to‘plansa bu taqiqlangan tadbir bo‘lishini o‘ylamagandim", - degan Sulbergning o‘zi.

















