16 mart kuni Kun.uz «Sardoba fojiasi keltirgan talafot – baliqchilar ko‘rgan zarar qachon qoplab beriladi?» nomli tanqidiy maqola e'lon qilindi. Maqolada Sardoba suv omborining buzilib ketishi oqibatida Sirdaryodagi o‘nlab baliq xo‘jaliklari sun'iy ko‘llari va undagi baliqlar nobud bo‘lgani, buning uchun davlat tarafidan va'da qilingan zarar qoplanmayotgani ma'lum qilingan.

Shuningdek, maqolada baliq xo‘jaligi rahbarlaridan biri «O‘zagrosug‘urta» va «Kapital sug‘urta» kabi kompaniyalar ham sug‘urta hodisasi bo‘yicha pul to‘lab bermayotganini da'vo qilgan.

Sug‘urta kompaniyalari baliq xo‘jaligi rahbarlarining murojaati yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, holat yuzasidan munosabat bildirdi.

«O‘zagrosug‘urta» AJ matbuot kotibi Shuhrat Qobilov:

— Maqolada «Aziz Shoxruz Fayz» BFX tomonidan tilga olingan vajlar o‘rganildi. Unga ko‘ra, «O‘zagrosug‘urta» AJ Sirdaryo viloyati filiali Guliston shahar bo‘linmasi hamda «Aziz Shoxruz Fayz» BFX o‘rtasida 2017 yil 24 yanvarda mol-mulkni sug‘urtalash shartnomasi imzolangan. Shartnomaga asosan, «choyxona binosi» garovga qo‘yilgan va bankdan baliqchilik xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida kredit olingan. Amalda Guliston shahar 3-mavze «Obod yurt» mahallasi Ibn-Sino ko‘chasida joylashgan ushbu mol-mulkka Sardoba suv toshqinidan hech qanday zarar yetmagan.

Lavhada namoyish etilgan «Amur-Fish» mas'uliyati cheklangan jamiyati va «O‘zagrosug‘urta» AJ o‘rtasida «Garovga qo‘yilayotgan avtotransport vositalarini sug‘urtalash» shartnomasi imzolangan. Sug‘urta bo‘yicha 2 (ikki) dona avtotransport vositasiga hech qanday shikast yoki zarar yetmagan. Tuzilgan sug‘urta shartnomasi faqat garovga qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan olib borilishini nazarda tutadi. Binobarin, «Amur Fish» MChJ tomonidan baliqchilik havzasining suv toshqinidan ko‘rilgan zararini qoplash to‘g‘risida «O‘zagrosug‘urta» AJ Sirdaryo viloyati filiali Guliston shahar bo‘linmasiga og‘zaki yoki yozma ravishda murojaat kelib tushmagan.

Shuningdek, «O‘zagrosug‘urta» AJ lavhada namoyish etilgan yana bir murojaatchi Shoyimqul Ochilovning yaqinlari bilan shartnoma imzolagan. Ushbu fuqaroga shartnomada ko‘rsatilgan muddat yakunlanganda, ya'ni 2022 yil oktabr oyida belgilangan sug‘urta pullari to‘lab beriladi. Bu borada Shoyimqul Ochilov bilan ham muloqot qilinib, vaziyat to‘liq tushuntirildi, hozirda u kishi bizning firma faoliyatidan e'tirozi yo‘qligini ma'lum qilgan.