Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish, ularni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsad qilingan.

Belgilanishicha:

Ichki ishlar vazirligi ommaviy tadbirlarni tashkil etish va uni o‘tkazish vaqtida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta'minlashda vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtiradi;

Milliy gvardiya birinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish davomida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta'minlaydi.

Qoidalar O‘zbekiston hududida ommaviy tadbirlar tashkil qilish va o‘tkazish tartibini belgilaydi hamda ular ishtirokchilari, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obektlari ma'muriyatlari, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya bo‘linmalari, shuningdek, boshqa davlat organlarining ommaviy tadbirlar o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini va jamoat tartibini ta'minlash bo‘yicha o‘zaro munosabatlari, majburiyatlari va huquqlarini tartibga soladi.

Qoidalarning amal qilishi yig‘ilishlar, namoyishlar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarini, shuningdek to‘y, oilaviy, yubiley, vafot etganlar xotirasiga bag‘ishlangan oilaviy aza marosimlari va tadbirlarni o‘tkazishga tatbiq etilmaydi.

Ommaviy tadbirlar birinchi va ikkinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obektlari ro‘yxatiga kiritilgan obektlarda o‘tkazilishi mumkin.

Birinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obektlari ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari takliflari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Ikkinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obektlari ro‘yxatlari tumanlar (shaharlar) hokimliklari takliflari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.

Ayrim ommaviy tadbirlar O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarorlari asosida, birinchi va ikkinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obektlari ro‘yxatlariga kiritilmagan joylarda o‘tkazilishi mumkin.