O‘zbekiston | 08:43 / 24.03.2021
2963
3 daqiqa o‘qiladi

Kam ta'minlangan oilalar axborot tizimi orqali identifikatsiyalanadi

Vazirlar Mahkamasining «Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

kam ta'minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlash hamda ularga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom;

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimidagi idoralararo elektron o‘zaro axborot almashinuvi doirasidagi ma'lumotlar ro‘yxati.

2021 yil 1 aprelga qadar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Kadastr agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har bir mahalla ID identifikatsiya raqami va hududiy chegarasi ko‘rsatilgan yagona elektron ma'lumotlar bazasini ishlab chiqib, joriy etish va uning «Yagona reyestr» ATga integratsiya qilinishini ta'minlash topshirildi.

Xalq ta'limi vazirligiga:

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi, tizimida umumta'lim tashkilotlari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat va nodavlat umumta'lim tashkilotlarida o‘quvchilar bo‘yicha tegishli ma'lumotlarni o‘z ichiga oladigan yagona elektron ma'lumotlar bazasini ishlab chiqib, joriy etish va uning «Yagona reyestr» AT bilan integratsiya qilinishini ta'minlash;

Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda ushbu yagona elektron ma'lumotlar bazasining jismoniy shaxs shaxsiy identifikatsiya raqami ma'lumotlar bazasi bilan bog‘lanishini to‘liq yakunlash;

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ota-onalik huquqidan mahrum etilgan ota-onalar hamda vasiylikka va homiylikka olingan bolalar va oilaga tarbiyaga berilgan (patronat) bolalar bo‘yicha elektron ma'lumotlar bazasini ishlab chiqib, joriy etish topshirildi.

«Yagona reyestr» AT Moliya vazirligi va YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi qo‘shma ish rejasi asosida YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan berilgan grantlar hamda Jahon banki kreditlari, shuningdek ularning texnik va ekspert jihatidan qo‘llab-quvvatlashi hisobidan ishlab chiqiladi va joriy etiladi.

Nizomda quyidagilar belgilandi:

  • kam ta'minlangan oilalarni «Yagona reyestr» AT orqali aniqlash tartibi;
  • ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash shartlari;
  • ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam uchun murojaat qilish, arizalarni ko‘rib chiqish hamda nafaqa va moddiy yordam to‘lash tartibi;
  • ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam to‘lovlarini moliyalashtirish tartibi.

Mavzuga oid