Aslida, ziddiyat ancha oldin, fevral oylarida boshlangan, o‘shanda Abidal bir qator futbolchilarni o‘z imkoniyatlarini yetarlicha ishga solmayotganlikda ayblagandi. Messining bundan jahli chiqdi va aniq ismlarni aytishni talab qildi, Bartomeu esa direktorning Xavi bilan kelisha olmagani va Suaresga o‘rinbosar topa olmaganidan norozi edi.
Abidal yaqinda The Telegraph nashriga intervyu berdi va klubdan ketganidan buyon birinchi marta «yorildi». Suhbat chog‘ida u Messi bilan munosabatlari, Neymar va Pochettino borasidagi muvaffaqiyatsiz muzokaralar va yana bir qator muhim mavzularga to‘xtab o‘tdi.
Asosiy tezislar quyida:
2018 yilning dekabrida Abidal klub prezidentidan Valverdeni iste'foga chiqarishni so‘ragan. Buning o‘rniga murabbiy yanvar oyida yangi shartnomaga imzo chekdi.
«Dekabrda prezident menga murabbiyni ketkazish oson qaror emasligini aytdi. Ikki oy o‘tib esa, mening maslahatimga butunlay ters bo‘lgan qaror qabul qilindi – Valverdega yangi shartnoma taklifi. Albatta, men bu qarorni hurmat qildim va murabbiyga yordam berishda davom etdim. Lekin bu holat men uchun kamida g‘alati bo‘lgandi».
Ispaniyalik murabbiy iste'foga chiqarilgach, Abidal to‘rt nafar nomzodni ilgari surgan. Ular ichida eng ustuvori Pochettino bo‘lgandi. Ammo bu safar ham sport direktorining takliflari inobatga olinmadi.
«Mening ro‘yxatimda Maurisio Pochettino, Kike Seten, Maks Allegri va Xavi bor edi. Men uchun Maurisio favorit edi va u bilan gaplashgandim ham. Ammo siyosiy faktorlar tufayli undan voz kechishdi. Uning murabbiylik salohiyati, malakasi yoki uslubi emas, «Espanol»da ishlagani, eski intervyulari hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. «Yo‘q, u klubni hurmat qilmas ekan», – deyishdi direktorlar kengashida».
Bu rahbariyat tomonidan shunchaki xafagarchilik tufayli qo‘llab-quvvatlanmagan yagona qaror emas. Uning aytishicha, 2019 yilda klub rostan ham Neymarni qaytarishga yaqin turgan, lekin Bartomeu Grizmanni tanlagan.
«Bizga haqiqiy vinger kerak edi, Neymar esa, bu pozitsiyada «Barselona»da ajoyib o‘yin ko‘rsatgan. Ammo prezident Grizmanni sotib olishni istadi. Neymarga qarshi asosiy argumentlardan biri – futbolchining klub bilan sudlashgani bo‘lgandi. Kengashning aytishicha, agar Neymarning qaytish istagi bo‘lganida, klubga bo‘lgan e'tirozlaridan voz kechishi kerak edi. Bu men uchun muammo bo‘lmagan, chunki Neymar ketganida va o‘sha voqealar bo‘lganida, men Barselonada emasdim. Mening fikrimcha, Neymarni qaytarish kerak edi va buning uchun barchasi tayyor bo‘lgan».
















