Sud majlisida Sherobod tumani hokimi Ziyodulla Davlatov, uning o‘rinbosari Umidjon Panjiyev, tumanda joylashgan bozorda pattachi bo‘lib ishlovchi Zuhriddin Tog‘ayev va hodisa ro‘y bergan paytda Sherobod tuman IIB boshlig‘i vazifasini bajargan Sherxon Allamurodov guvoh sifatida ko‘rsatma berdi.
Sherobod hokimi Ziyodulla Davlatov o‘z ko‘rsatmalarida Otabek Sattoriy bilan ikki marta uchrashgani, ilk marta 2020 yil 18 dekabr kuni, ikkinchisida 28 yanvar kuni ko‘rishganini aytdi. U 2020 yil 18 dekabr kuni Otabek Sattoriy va uning yonidagi sherigi hokimiyatga kelib, telefonini Sherobod bozorida ikki nafar yigit tortib olganini aytgani, shundan so‘ng bozorga borganini bildirdi.
«Sherobod bozoriga borganimizdan keyin, Otabekning telefonini tortib olgan yigitlarga qaytarib berishini aytdim. Shu payt bozorning boshqa hududida to‘polon bo‘lib qoldi. O‘rinbosarim bilan borib, o‘zaro tortishib qolgan aravakash va sotuvchilarni tinchitib qaytib keldim. Qaytganimda, yigitlar tortib olgan telefonni Otabek Sattoriyga qaytarib berishibdi.
O‘sha yigitlarga kechirim so‘ranglar dedim, kechirim so‘rashdi. Ikki orada gina-qudrat qolmadi. Otabek Sattoriy va uning sherigi bozorda yana biroz videolavha olishdi. So‘ng ular ketish taraddudiga tushishdi. Shu yerda xayrlashdik. Boshqa gap bo‘lmadi», – dedi Ziyodulla Davlatov.
Sherobod tumani hokimining aytishicha, u Otabek Sattoriy bilan 28 yanvar kuni ikkinchi marta hokimiyat binosida ko‘rishgan. Bu safar uning yonida boshqa yigit bo‘lgan. Ular 2017 yilda uy-joyi «snos»ga tushgan odamlarning murojaati bo‘yicha kelganini aytib, hokim va o‘rinbosaridan o‘sha ish bo‘yicha izoh so‘ragan.
Ziyodulla Davlatov Otabek Sattoriy ikki marta ko‘rishganda ham undan telefon so‘ramaganini, Otabek Sattoriy bilan borgan muxbir hokim va uning o‘rinbosariga: «Otabekning zarar yetgan telefonini qanday hal qilamiz?» deb 2-3 marta so‘raganini ma'lum qildi. Hokim o‘z o‘rinbosariga bu ishni surishtirib ko‘rishni aytgan.
Ziyodulla Davlatovning aytishicha, 2020 yil 18 dekabr kuni Otabek Sattoriy Sherobod bozorida telefoniga va kiyimiga zarar yetkazishgani haqida unga hech narsa demagan.
Hokimning ko‘rsatmalari Otabek Sattoriyni qanoatlantirmadi va u hokim yolg‘on ko‘rsatma berayotganini aytdi.
Otabek Sattoriy, Sherobod tumani hokimi bilan ikkinchi marta ko‘rishganda hokim unga: «15 fevral kuni tug‘ilgan kuning bo‘lsa, menga 14 fevral kuni qo‘ng‘iroq qil, telefon sovg‘a qilaman», deb aytganini ma'lum qildi.
Ziyodulla Davlatov «14 fevral kuni qo‘ng‘iroq qil» deb aytganini tan olishini, ammo «telefon sovg‘a qilaman» deganini inkor etishini bildirdi.

















