«Zakovat» intellektual o‘yinlariga saralash bo‘yicha navbatdagi kasting 25 mart kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi.
«Ice Arena» muz saroyida bo‘lib o‘tgan kasting ochilishida Mass-media fondi raisi o‘rinbosari, Gender tenglikni ta'minlash bo‘yicha respublika komissiyasi a'zosi Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqdi.
Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, 15 mingdan ortiq zakovatchidan bor-yo‘g‘i 3,5 ming nafari, ya'ni chorak qismi – ayol-qizlar.
«Oilada o‘g‘il tug‘ilsa, hammaning boshi osmonga yetadi, xursandchilikning cheki bo‘lmaydi! Qiz bola tug‘ilsa-chi?!
«Ha, mayli, keyingisi o‘g‘il bo‘lar» – deb, «ko‘ngilni ko‘tarib» qo‘yishadi. Qiz bola birovning omonati-da, voyaga yetkazib, uzatamiz-qutulamiz. Xo‘p, balki o‘qitarmiz ham. Faqat o‘zi harakat qilib, budjetga ilinsa!
O‘g‘il bolani esa o‘qitish shart! Kontraktga bo‘lsa ham mayli. Chunki o‘g‘il – oila vorisi, ota-ona qariganida suyanchiq, deymiz.
Millatning qudratli bo‘lishida ayollar o‘rni haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Yurt taraqqiyoti, sivilizatsiya rivoji xotin-qizlarga bog‘liq ekanini-chi?
To‘g‘ri, barcha davlatlarni, demakki, butun jahonni asosan erkaklar boshqaradi. Ammo har qanday erkakni shakllantiradigan – ayol, ona!
Ona qanday bo‘lsa, tarbiya natijasi ham shunday bo‘ladi! Ilmli, madaniyatli, dunyoqarashi keng onaning farzandi ham o‘ziga o‘xshaydi.
Go‘dak atrof-olamni avvalo onasining ko‘zi bilan ko‘radi. Nima yaxshi-yu nima yomon, nimaga intilish kerak, maqsadga qanday erishmoq lozim – barchasini onasidan o‘rganadi. Agar onaning o‘zi bu borada namuna bo‘lolmasa-chi? U farzandini qanday qilib to‘g‘ri yo‘lga solishi mumkin?!

Erkak kishi har kuni oilani boqishdek yukni yelkasiga ortib, ko‘chaga ketadi. Uning ortidan duo qilib, uyda qoladigan ham, farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan ham ayoldir!
Mening buvijonim (dadamning onalari) erta olamdan o‘tganlar. Dadam yetim qolganlarida 9 yoshli go‘dak edilar. Albatta, bu musibatni ko‘tarish juda og‘ir bo‘lgan. Sog‘inchdan yuraklari ezilib ketganida ham, biror nimadan qattiq kuyunganlarida ham, doim onalarining qabrini ziyorat qilganlar. Xayolan dardlashganlar... Maslahat so‘raganlar... Va... yashash uchun, olg‘a yurish uchun o‘zlarida kuch topganlar. Katta yutuqlarga erishsalar, rahmatli buvijonimning ruhlari shod bo‘lishiga ishonganlar. Hozir ham shunday.














