Konteynerovozni sayozlikdan chiqarib olishgani haqida dengiz xizmatlarini taqdim etuvchi Inchcape Shipping Services kompaniyasi tvitterida xabar qilingan. Ma'lumotga ko‘ra, kema mahalliy vaqt bilan soat 4:30 atrofida sayozlikdan siljitilgan.

«Frans press» agentligi konteynerovoz egasi bo‘lgan Evergreen kompaniyasiga asoslanib, «Ever Given» joyidan qo‘zg‘atilgani, ammo hali sayozlikdan to‘liq chiqarilmagani haqida xabar qilgan.

Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda kema avval turgan joyidan qo‘zg‘atilgani aks etgan.

Dengizdagi harakatlarni kuzatuvchi Vesselfinder va My Ship Tracking xizmatlari saytlarida konteynerovoz kanalning g‘arbiy qirg‘og‘idan uzoqlashganini ko‘rish mumkin.

«Blumberg» agentligi vaziyatni yoritishga aloqador bo‘lgan odamlarga asoslangan holda Suvaysh kanalida tiqilib qolgan ulkan konteynerovoz qisman ozod etilgani haqida yozgan. Xabarda kemani to‘liq ozod qilish ishlari davom etayotgani qayd etilgan.

Agentlik buni dunyoning eng muhim transport tomirlaridan biri bo‘ylab harakat davom etishi yo‘lidagi katta qadam deb atagan. Suvaysh kanali boshqarmasi hozircha kema sayozlikdan chiqarib olingani haqidagi xabarlar yuzasidan izoh bermadi.

So‘nggi kunlarda suv sathi ko‘tarilishi vaqtida kemani sayozlikdan chiqarish uchun o‘tkazilgan ikki urinish muvaffaqiyat keltirmagandi.

Yakshanba kuni operatsiyaga qo‘shimcha buksir katerlari (shatakchi kemalar) yordam uchun yetib kelgandi.

Agar bu urinish ham muvaffaqiyatsizlikka uchraganida, kemani yuklardan bo‘shatish rejalashtirilgandi - undagi yuk hajmi 220 ming tonnani tashkil etadi.

Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy 28 mart kuni konteyner kemasini yuklardan bo‘shatishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashni buyurgandi.