Beeline Uzbekistan kompaniyasining yangi bosh direktori etib tayinlangan Andjyey Malinovskiyning vakili sifatida VEON kompaniyalari guruhi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Delegatsiyani VEON kompaniyalari guruhining bosh ijrochi direktori, «Unitel» MChJ (O‘zbekistondagi Beeline SB) kuzatuv kengashi raisi janob Kaan Terzioglu boshqardi.

Andjyey Malinovskiy o‘z lavozimiga tayinlanganini shunday sharhladi:
«Men bu go‘zal mamlakatda yashash va ishlash imkoniyatiga ega bo‘lganimdan xursandman. Avvalambor shuni aytmoqchimanki, professionallar jamoasiga qo‘shilish men uchun katta sharafdir. Hozirda mavjud ehtiyojlar asosida qayta ko‘rib chiqilishi va hal qilinishi kerak bo‘lgan bir qator dolzarb vazifalar bor. Kompaniyaning ustuvor yo‘nalishi – bu abonentning o‘zi, foydalanuvchi tajribasi va xizmat ko‘rsatish darajasini yaxshilash bo‘ladi».
VEON kompaniyalari guruhi delegatsiyasi mamlakatimizga bo‘lgan tashrifi boy va samarali bo‘ldi.
Raqamli tizimlarni rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlarini keng joriy etish bo‘yicha masalalar respublika Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning diqqat markazida bo‘ldi. Uchrashuv davomida «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasini ishlab chiqishi ham muhokama qilindi. Telekommunikatsiyalarni rivojlantirish, shu jumladan O‘zbekistonda xalqaro internet tarmog‘iga kirishni erkinlashtirish to‘g‘risida Axborot vazirligining yangi qonun loyihasi haqida mehmonlarga ma'lumot berildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev bilan suhbat chog‘ida VEON kompaniyalari guruhi vazirlikning elektron tibbiyot va raqamlashtirish, qo‘shma ijtimoiy loyihalarni yaratishda ishtirok etishi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan uchrashuvda mehmonlar ularning mamlakatda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qo‘shgan hissalarini yuqori baholadilar.

VEON kompaniyalari guruhi a'zolari va Beeline Uzbekistan top-menejyerlarining yetakchi jurnalistlar va blogerlar bilan uchrashuvi davomida ham dolzarb mavzular va savollar ko‘tarildi. Savollardan biriga javoban Kaan Terzioglu Beeline Uzbekistan kompaniyasi 4G tarmog‘i va yangi loyihalarini rivojlantirishga sarmoyalarini davom ettirishini ta'kidlab o‘tdi. Shuningdek, u mamlakatdagi telekommunikatsiya bozori yanada erkinlashtirilishiga umid bildirdi.


























