VEON kelgusi besh yil mobaynida mamlakatda professional taʼlim va IT-mutaxassislarning malakasini oshirish uchun investitsiyalar hajmini orttirishni rejalashtirgan. VEON bosh direktori Kaan Terzioglu Guruh kompaniyalari yangi raqamli Oʻzbekiston uchun mutaxassislarni tayyorlashda ishtirok etishga tayyorligini tasdiqladi.
“Soʻnggi ikki yil ichida VEON IT sohasida 170 ta qoʻshimcha ish oʻrinlarini barpo etishga koʻmaklashdi, bu ko‘rsatkich oʻsishda davom etadi. IT sohalari istiqbolli hamda ular mamlakat kelajagi uchun muhim ekanligini namoyish qilishga intilyapmiz. Jumladan, Beeline Academy loyihasi va ASTRUM Academy bilan hamkorlik natijasida yil mobaynida 1 000 ga yaqin yosh isteʼdodlar IT sohasida taʼlim olishadi”, – deya taʼkidlaydi VEON Group bosh direktori.

Kaan Terzioglu Oʻzbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovni yaqinda Toshkentda ochilgan yangi ixtisoslashtirilgan VEON AdTech kompaniyasining bosh qarorgohiga taklif qildi, kompaniya Oʻzbekistondagi IT Park’ning navbatdagi vakiliga aylangan. 2022-yilning oktabr oyida Guruh rahbarlari hukumat bilan uchrashuv paytida yangi digital-reklama boʻlinmasi joriy etilishi hamda oʻnlab yangi ish oʻrinlari barpo etilishi haqida xabar berishgan edi. Hozirda kompaniya Oʻzbekistonlik yosh mutaxassislarni ishga qabul qilmoqda. VEON AdTech digital-marketing yoʻnalishini rivojlantirish, VEON kompaniyalari faoliyat yuritadigan mamlakatlar uchun mahsulotlarni ishlab chiqish bilan shugʻullanadi, shu bilan birga AdTech sohasidagi xalqaro tajribasi va ekspertizasini ulashadi. Kaan Terzioglu bilan uchrashuvda vazir Sherzod Shermatov IT mutaxassisligi sohasida hamkorlik nihoyatda muhim ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

“VEON Group Oʻzbekistonda yangi yuqori maoshli ish oʻrinlarini barpo etishga va IT Park rezidentlari hisoblangan boʻlinmalarining eksportini oshirishga e’tibor qaratishini istaymiz. VEON AdTech ochilishi innovatsion texnologiyalarga boʻlgan qiziqishni orttirish, IT sohasida kasb tanlash, qizlar orasida sohani targ‘ib qilish orqali Oʻzbekiston maqomini yangi IT-hub sifatida yanada mustahkamlashiga ishonchim komil”, – deya taʼkidlaydi raqamli texnologiyalar vazirligining rahbari Sherzod Shermatov.
Oʻzbekistonda VEON va Beeline Uzbekistan ko‘magida IT mutaxassisligini rivojlantirishga qaratilgan bir qator loyihalar allaqachon joriy etildi, masalan boʻlajak dasturchilar uchun kiberxavfsizlik boʻyicha xakatonlar.

















