O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Ulug‘bek Maqsudov Sunbula technologies Est. kompaniyasi raisi Ubaydulla Siddiyqiy bilan uchrashuv o‘tkazdi
«Dunyo» xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda yetishtirilgan za'faron namunalari kompaniya rahbariga taqdim etilgan. Bu mahsulot Saudiya Arabistoni oziq-ovqat va dori-darmon vositalari agentligi (SFDA) tomonidan tekshirilishi va tegishli sifat sertifikati olinishi ma'lum qilingan.

«Saudiya vakillari hozir za'faronni Marokash, Ispaniya, Hindiston, Afg‘oniston va Pokiston kabi davlatlardan olib kelmoqda. Shu ma'noda O‘zbekistonda yetishtirilishi boshlangan za'faronga qiziqishimiz katta. Umid qilamizki, o‘zbek za'faroni sifat jihatidan raqobatbardosh va Saudiya bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘ladi», — deb ta'kidlagan kompaniya raisi.
Ubaydulla Siddiyqiy O‘zbekistondan tabiiy asal va tog‘ o‘simlik giyohlaridan tayyorlangan mahsulotlarni ham import qilish imkoniyatini o‘rganmoqchiligini aytgan. U Saudiya Arabistonida shifobaxsh ekologik toza mahsulotlarga talab yuqori ekanini qayd etib o‘tgan.
Za'faronning inson salomatligiga qanday foydali jihatlari bor?

Za'faron xalq tabobatida ko‘plab kasalliklarni davolash uchun ishlatiladigan eng qimmat ziravorlardan hisoblanadi. Za'faron damlamasi ko‘zni ravshan qilishi, yurak va nafas olish a'zolari faoliyatini yaxshilashi aytib o‘tilgan. Uni onkologik kasalliklarning oldini olish (o‘smaga qarshi ta'sir ko‘rsatadi va saraton hujayralari o‘sishiga to‘sqinlik qiladi), qonni tozalash, miya faoliyatini yaxshilash, bosh og‘rig‘i va uyqusizlikni qoldirish, ko‘rish qobiliyatini tiklash va ko‘z to‘r pardasini davolash kabi bir qancha foydali funksiyalari uchun qadrlashadi.
Za'faronni ko‘p miqdorda iste'mol qilish salbiy ta'sirlar keltirib chiqarishi mumkin. Undan ortiqcha foydalanish asabiylashish, sezgi a'zolari zo‘riqishiga olib keladi. Shuning uchun kuchli ta'sir qiluvchi bunday vosita homilador ayollarga qat'iyan taqiqlanadi.
Za'faronning 5 grammdan ortig‘i zaharli ta'sir ko‘rsatadi.
Jahon bozorida «qizil oltin»ning narxi qancha?













