Jahon | 08:00 / 04.04.2021
7462
2 daqiqa o‘qiladi

Qohirada 22 ta mumiyo yangi muzeyga tantanali ravishda ko‘chirib o‘tkazildi

Misrda fir'avnlarning mumiyolari Misr muzeyidan Qohiradan 5 km uzoqlikda joylashgan yangi Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyiga (NMEC) tantanali ravishda ko‘chirib o‘tkazildi. Hammasi bo‘lib yangi joyga 22 ta mumiyo – 18 qirol va 4 nafar qirolichaning mumiyolangan jasadi ko‘chirildi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Ko‘chirilgan mumiyolar orasida miloddan avvalgi XV asrdan XII asrgacha hukmdorlik qilgan Sekenenra Taa II’dan boshlab Ramzes IX’gacha bo‘lgan fir'avnlar jasadi bor. Marosimni dunyoning 400ga yaqin telekanali namoyish qilgan. Unda Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy ham ishtirok etgan.

Ochiq osmon ostida o‘tgan tantanali marosim uchun pandemiya sababli kiritilgan cheklovlar ham bekor qilingan. Tashkilotchilar tomonidan “Fir'avnlarning oltin paradi” deb nomlangan marosim Qohira vaqti bilan soat 20da boshlangan. Har bir mumiyo maxsus transport vositasida qadimiy jang aravalari hamrohligida tashilgan. Umumiy holda kortejni 60 ta mototsikl, 150 ta ot va musiqiy ansambl kuzatib borgan.

Mumiyolarni tashqi ta'sirlardan himoyalash uchun ular azot bilan to‘ldirilgan maxsus qutilarga joylashtirilgan. “Mumiyolar paradi” Misrning bosh suv arteriyasi – Nil daryosi bo‘ylab o‘tgan.

Keyingi 2 hafta davomida mumiyolar NMEC laboratoriyasida saqlanadi va ular Mumiyolar zalida 18 apreldan namoyish kilinish uchun tayyorlanadi.

Biroq ba'zi misrliklar mamlakatda oxirgi kunlar yuz bergan bir nechta baxsiz hodisani mumiyolarning ko‘chirilishi bilan bog‘lashmoqda. Ularning fikricha, 32 kishining umrini olib ketgan temir yo‘l halokati, Qohirada 23 qurbonga olib kelgan uy qulashi hamda Suvaysh kanalida ulkan kemaning tiqilib qolishi “bezovtalangan fir'avnlarning qarg‘ishi” sababli yuz bergan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid