Toshkentda sudya va sudya yordamchilari IIBB YHXB xodimlari bilan til biriktirib, yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun undirilgan qariyb 3,4 mlrd so‘m jarimalarni kirim qilmasdan, talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda.

Jamoatchilik bu haqda ochiqlikka da'vo qiluvchi sud, prokuratura yoki ichki ishlar organlari orqali emas, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtashevaning ma'ruzasidan bilgan edi.

To‘xtasheva bu haqda Oliy suddagi konferensiyada, o‘tgan yilning noyabrida gapirganidan keyin, shu kungacha ushbu jinoyat ishi bo‘yicha hech qayerda ma'lumot berilmadi. Va nihoyat bugun, 5 aprel kuni Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati ushbu ish haqida ma'lumot berdi.

Sudyalar oliy kengashi bu ish bo‘yicha sukut saqlanganiga izoh berar ekan, tergovga ta'sir etishi ehtimolidan kelib chiqib, o‘sha paytda ish bo‘yicha izoh yoki munosabat bildirish maqsadga muvofiq emas deb hisoblanganini bildirdi.

Jinoyat ishi bo‘yicha jimlik uzoq davom etgani tufayli, uning tafsilotlariga qiziqqan Kun.uz ishni kuzatish va natijasi haqida jamoatchilikka ma'lum qilish maqsadida Oliy sud axborot xizmati bilan bog‘landi va mazkur ish bo‘yicha hukm 10 fevral kuni o‘qilganini, sudlanuvchilar apellyatsiya shikoyati keltirganini va ishning ko‘rilishi 2021 yil 2 aprel kuni JIB Toshkent viloyati sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rilishi haqida ma'lumot olib, ishni kuzatib borishga qaror qildi.

Apellyatsiya instansiyasi doirasida 2 aprel kungi dastlabki sud majlisi ayrim sabablarga ko‘ra 5 aprel kuniga qoldirildi.

Kun.uz muxbiri 5 aprel kuni takroran Toshkent viloyat sudida hozir bo‘ldi. Soat 14:30da boshlanishi aytilgan sud majlisining soat 17:00da boshlangani alohida masala. Biz bunga to‘xtalmoqchi emasmiz.

Uzoq kutishlardan so‘ng, ishni ko‘rishni boshlagan sud hay'ati sudlanuvchilarning advokatlari eslatmasiga binoan «ishga aloqasi bo‘lmagan begona shaxsning» sud majlisida ishtirok etish-etmasligi masalasini hal qilishni boshladi.

Advokatlar va sudlanuvchilardan Kun.uz muxbirining sud majlisida qatnashishi bo‘yicha e'tirozli fikrlari tinglanib, Murodjon Mirzajonov raisligidagi sud hay'ati Kun.uz muxbiridan sud zalini tark etishni talab qildi.