O‘tgan yil davomida pandemiya sabab Rossiyada muhojirlar soni sezilarli darajada kamaygan va hozirda mamlakatda loyihalarni amalga oshirish uchun ishchi kuchi yetarli emas. Bu haqda Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma'lum qildi.
Shuningdek, u rus xalqi o‘rtasida muhojirlarga nisbatan norozilik kuchaygani, shuningdek, migrantlarga mamlakat xavfsizligiga tahdid sifatida qaraydigan qatlam shakllangani haqida berilgan savollarga javob berib o‘tdi.
«Rostini aytganda, men munosabatlarga oid biror bir sotsiologik tadqiqot materiallari bilan tanish emasman. Shuning uchun men rossiyaliklarning muhojirlarga nisbatan munosabati haqida izoh bera olmayman», — dedi Peskov.
Jurnalistlar tomonidan bunday savollar berilishiga Rossiya prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Magomedsalam Magomedovning 2025 yilgacha davlatning millat siyosati strategiyasini amalga oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytgan so‘zlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
U muhojirlarga salbiy munosabatda bo‘lgan rossiyaliklar soni 2020 yilda 7,5 foizga oshganini aytib o‘tgan.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, ishchi kuchi avvalo qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalarida yetishmayotgani kuzatilmoqda.
U muhojirlarning farzandlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning rus jamiyatiga moslashishi uchun sharoit yaratib berilishi bo‘yicha ishlar olib borilayotganini aytib o‘tgan.
Shuningdek, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin Rossiya chegaralarini ochsa va ilgari mamlakatda ishlagan xorijliklar qaytgan taqdirda ham, qurilishlarda baribir mehnat migrantlari yetishmasligini aytib o‘tgandi.
«Bizda qurilish-montaj ishlari hajmining o‘sishi mehnat resurslariga qaraganda ancha yuqoridir. Biz ildam o‘smoqdamiz, ish hajmlarini ko‘paytiryapmiz. Chegaralar ochilishi natijasida mehnat migrantlari qaytsa ham, bu sohada bizda ishchilar yetishmaydi», — dedi u.
Bu boradagi yana bir omil rossiyaliklarning qurilish sohasidagi ishlarda taklif qilinayotgan oylikka ishlashni istamasligidir.














