Minneapolis yaqinidagi Bruklin-Senter shaharchasida joylashgan politsiya uchastkasi 20 yoshli Dante Raytni otgan politsiyachi jazolanishini talab qilayotgan yuzlab namoyishchilar tomonidan o‘rab olinganidan so‘ng to‘qnashuvlar boshlangan.
Shaharda komendantlik soati joriy qilingan, CBC telekanali xabariga ko‘ra, Bruklin-Senterdagi barcha maktablar dushanba kunidan yopiq bo‘ladi.
Shtat gubernatori Tim Uols vaziyatni kuzatib borayotganini ma'lum qilib, Raytning oilasiga hamdardlik bildirgan.
Hozirda nimalar bo‘lmoqda?
Yakshanba kuni kechqurun Minneapolis markazidan bir necha kilometr shimolda joylashgan Bruklin-Senterdagi politsiya uchastkasida maxsus kiyimdagi politsiyachilar namoyishchilardan himoyalanishdi. Politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va shovqinli granatalar qo‘lladi.
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, namoyishchilar politsiya avtomobillarini toshbo‘ron qilgan.
Brooklyn Center has 45 officers in its police department. Looks like most, if not all, are holding this line pic.twitter.com/9dlxlqkpZe
— David Schuman (@david_schuman) April 12, 2021
Mahalliy nashrlarda yozilishicha, taxminan xuddi shu vaqtda shahardagi savdo markaziga talonchilar bostirib kirgan, qo‘shni shaharcha Bruklin-Parkdagi politsiya uchastkasi eshigi tomon o‘qotar quroldan o‘q uzilgan. Reuters shahar atrofidagi hududlarda jami 20dan ortiq do‘kon tunab ketilganini xabar qilgan.
Mahalliy vaqt bilan tonggi soat oltigacha komendantlik soati joriy etilgach, Bruklin-Senter shahri meri Mayk Elliot namoyishchilardan tarqalib, uylariga ketishni so‘radi.
«Iltimos, xavfsizlikda bo‘ling va uylaringizga tarqaling», deya yozdi u tvitterdagi sahifasida.

Minnesota milliy gvardiyasi xizmatchilarining bir qismi Bruklin-Senterda bo‘lib turibdi, ular o‘tgan yil mayida Jorj Floydni o‘ldirib qo‘ygan sobiq politsiyachi Derek Shovin ustidan sud jarayoni vaqtida xavfsizlikni ta'minlash uchun shahar bo‘ylab joylashtirilgan.
Dante Rayt bilan nima ro‘y berdi?
Bruklin-Senter politsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, politsiyachilar yakshanba kuni yo‘l harakati qoidasini buzgani uchun Dante Raytning avtomobilini to‘xtatishgan. Haydovchining shaxsi tekshirilganida, u qidiruvda ekani ma'lum bo‘lgan.















