11 aprel kungi musobaqalarda o‘zbekistonlik 6 nafar sportchi gilamga chiqdi.
-57 kg vazn toifasi vakili G‘ulomjon Abdullayev ishtirokini chorak finalda boshlab, dastlab janubiy koreyalik Sunggvon Kimni mag‘lub etdi (5:4). Yarim finalda Qirg‘iziston vakili Bekpo‘lat Mirnazar o‘g‘li taslim etildi (8:4), bu g‘alaba Abdullayevga Olimpiada yo‘llanmasini taqdim etdi. Final bahsida esa u xitoylik Minghu Liuni mag‘lub etib (10:0), oltin medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston sharafini -65 kg.gacha vazn toifasida himoya qilgan Ilyos Bekpo‘latov ishtirokini muvaffaqiyatli boshlagandi. U dastlab saralash bosqichida tojikistonlik Jamshid Sharifov ustidan yaqqol ustunlik bilan g‘alaba qildi (11:0), chorak finalda esa xitoylik Hasibagena Hasibagena mag‘lub etildi (10:0). Ammo yarim finalda keyinchalik shu vazn toifasi chempioni bo‘lgan qirg‘izistonlik Ernazar Ahmadaliyev uning kuragini yerga tekkizdi. Bekpo‘latov bronza uchun turkmanistonlik Kerim Xodjayevga qarshi kurashishi kerak edi, ammo u gilamga chiqmadi.
-74 kg vazn toifasi vakili Behzod Abdurahmonov ishtirokini chorak finaldan boshlab, mo‘g‘ulistonlik Bat Erdene Byambasurenni mag‘lub etdi (10:0). Yarim finalda unga Qirg‘iziston vakili Elomon Do‘g‘durbek o‘g‘li raqiblik qildi va u 4:2 hisobida mag‘lub etildi. Yarim finaldagi g‘alaba Abdurahmonovga Olimpiada yo‘llanmasini taqdim etdi. U finalda eronlik Yunus Aliakbar Imomishojaiyga qarshi kurashishi kerak edi, ammo u gilamga chiqmadi va kumush medal bilan kifoyalandi. Uning uchun Tokio Olimpiadasi faoliyatidagi ikkinchi olimpiada bo‘ladi.
-86 kg vazn toifasida ham O‘zbekiston vakili oltin medalga ega chiqdi. Javrail Shapiyev dastlab livanlik Domenik Mishel Abu Nodirni mag‘lub etib (7:2), saralashdan o‘tdi. Chorak finalda tojikistonlik Bahodur Qodirov (12:1), yarim finalda qozog‘istonlik Azamat Dauletbekov taslim etildi (5:2). Yarim finaldagi g‘alaba orqali Shapiyev Tokio Olimpiadasi uchun yo‘llanmani naqd qildi. Finalda u Xitoy vakili Zushen Lin ustidan g‘alabaga erishib (6:3), oltin medalga ega chiqdi.
O‘zbekistonning -97 kg vazn toifasidagi vakili Magomed Ibragimov ham Olimpiadaga yo‘llanma oldi. U dastlab pokistonlik Muhammad Inomni mag‘lub etdi (8:0), yarim finalda esa qirg‘izistonlik Simbat Sulaymonovga imkoniyat qoldirmasdan (11:1) finalga chiqdi. Ammo u eronlik Muhammadhusayn Asqari Muhammadiyonga qarshi bahsni o‘tkazib yubordi va kumush medal bilan kifoyalandi.















