Jamiyat | 11:46 / 15.04.2021
10264
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijdan olib kelingan qalbaki dollarlar aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmati Andijon va Namangan viloyatlarida 18 ming dollarga qalbaki valutani aniqladi.

DXX idoralari tomonidan qalbaki xorijiy valutalarni mamlakatimizga olib kirish va muomalaga chiqarishga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

«Andijon shahrining Yangibozor hududida joylashgan savdo majmuasiga 4 nafar fuqaro kelib, narxi 1100 AQSh dollari bo‘lgan Iphone 12 rusumli uyali aloqa telefonining 9 donasini 9900 AQSh dollariga sotib olmoqchi bo‘lishadi va sotuvchiga kelishilgan pul mablag‘ini berishadi. Biroq, sotuvchi ular bergan xorijiy valuta soxta ekanligini bilib, pullarini qaytarib beradi.

Qalbaki dollarni o‘tkazish bo‘yicha hiylalari ish bermagan to‘rtovlon endi pullarni arzonroq narxda haqiqiy valutaga almashtirish uchun Toshkent shahri tomon yo‘lga chiqishadi.

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarini jalb etgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxslar kelayotgan avtomashina Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida to‘xtatildi. Tekshiruv davomida ulardan qalbaki 10100 AQSh dollari protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi», deyiladi DXX matbuot xizmati tomonidan Kun.uz’ga berilgan ma'lumotda.

Bu kabi holat Namangan viloyatida ham qayd etilgan.

«Uychi tumanida yashovchi fuqaro Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi sherigi bilan Namangan shahridagi aksiyadorlik tijorat banki xodimining ishonchiga kirib, o‘zlarida mavjud bo‘lgan katta miqdordagi qalbaki AQSh dollarini unga bankdagi detektor orqali tekshirib ko‘rishini, agar qurilmadan o‘tsa ularni haqiqiysiga almashtirib berishini, evaziga har 1000 AQSh dollari uchun unga 200 AQSh dollaridan berishlarini aytishadi.

DXX va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ikki qonunbuzar shaxs qalbaki 7050 AQSh dollarini haqiqiysiga almashtirish uchun bank xodimiga bergan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ta'kidlash lozimki, har ikki holatdagi qalbaki dollarlar 50 dollarlik kupyuralardan iborat bo‘lib, ular xorijdan kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimizga olib kelingan», deyiladi ma'lumotda.

Hozirda ushbu fuqarolarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyatlar ishlari doirasida qalbaki xorijiy valutalarning kelib chiqish manbalari va ularning respublikamizga olib kirilishiga aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid