Xalqaro diniy erkinlik masalalari bo‘yicha AQSh komissiyasi (USCIRF) dunyo miqyosidagi diniy erkinlik tahliliga doir navbatdagi yillik hisobotini e'lon qildi.

Hisobotda komissiya AQSh hukumatiga O‘zbekistonni diniy erkinlik bo‘yicha «maxsus kuzatuv ostidagi» davlatlar ro‘yxatiga qo‘shishni tavsiya qilgan.

Davlat departamenti 2020 yil dekabrda O‘zbekistonni bu ro‘yxatdan chiqargan edi. 2018 yil dekabrda esa O‘zbekiston diniy erkinlik bo‘yicha vaziyat «alohida xavotirga molik» mamlakatlar ro‘yxatidan chiqqandi.

Diniy erkinlik «alohida xavotirga molik» deb hisoblash tavsiya etilayotgan davlatlar qizil, «maxsus kuzatuv ostida» bo‘lishi lozimligi qayd etilayotgan davlatlar sariq rangda.

Asosiy e'tiroz – qonunchilikka

USCIRF'ning yangi hisobotida qayd etilishicha, 2020 yilda O‘zbekistondagi diniy erkinlik bo‘yicha vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarishda davom etgan.

«Yil davomida hukumat kamida 8 ta islomiy bo‘lmagan diniy tashkilotni ro‘yxatga oldi, bolalarning masjidga borishiga qo‘yilgan norasmiy taqiq amalda olib tashlandi, Toshkentdagi sinagog buzilishdan saqlab qolindi, ayrim diniy mahbuslar ozod etildi», – deyiladi AQSh komissiyasi xulosasida.

Biroq, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi, USCIRF hisobotiga ko‘ra, xalqaro standartlarga mos kelmaydi. Jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi qonun loyihasi bilan tanishib chiqib, unga tanqidiy xulosa bergan.