Aziza nemis, polyak, fransuz va rus tillarini biladi. U hozir Germaniyaning Bard College oliygohida, san’at tarixi va nazariyasi yo‘nalishi bo‘yicha 4-bosqichda o‘qiyapti.

«Toshkentda tug‘ilganman. 60-maktabni tamomlab, keyin Vestminster universiteti qoshidagi litseyda o‘qidim. 2017 yilda Germaniyadagi Bard Collage oliygohiga kirdim va shu yilning avgustida Berlinga keldim. Nemis tilini maktabda, ingliz tilini esa litseyda o‘rganganman. Ikkala til ham Germaniyada va umuman hayotimda juda asqotdi», – deydi u.

«San’atga qiziqishim bolaligimdan boshlangan. Ammo qachondir san’at tarixini ilm sifatida o‘rganaman deb o‘ylamaganman. Kishi o‘z qiziqishi va imkoniyatlarini rivojlantirishni bilishi kerak ekan. Sababi hayot qachon, qayerga burilishini bilmaymiz.

Universitetga kirib, san’at men o‘ylagandan ham qiziqarliroq ekani, bu yo‘nalishda juda kam narsa bilishimni tushundim. Va bu sohani chuqurroq o‘rganib, ko‘proq narsa o‘rganishga kirishdim», – deydi Aziza.

Harvard grantini qanday yutish mumkin?

Aziza keyingi oy 4-kursni tamomlaydi va yozda AQShning Harvard universitetida o‘qiy boshlaydi.

«Harvardga hujjat topshirishdan oldin bir necha oy tayyorlandim. Keyin harvard.edu saytidan yo‘nalishim bo‘yicha ajratiladigan grantga ariza to‘ldirdim. Bu yerda juda ko‘p sohalar uchun grantlar ajratilgan. Universitet saytiga kirib, yo‘nalishni tanlab, ariza to‘ldirish mumkin.

Ariza bo‘limiga bakalavrda olgan baholarim, universitet professorlaridan 3ta tavsiyanoma, motivatsiya xatini joyladim.

Shuningdek, soha bo‘yicha bilimimni tekshirish uchun 1ta test topshirdim: gumanitar ta’limga oid GRE testini yechdim. Huquqiy yoki tibbiyot sohalari nomzodlari boshqa test turini yechishadi. Ushbu testni magistratura yoki doktorantura yo‘nalishiga topshirmoqchi bo‘lganlar topshiradi.

AQShning ba’zi universitetlariga, shu jumladan, Harvardga qabul jarayonida ham «Diversity Statement» mavzusida xat yozish talab qilinadi. U boshqa joyda o‘sib, ulg‘ayib, ta’lim olgan talabaning o‘ziga xos jihatlari, imkoniyat va bilimlarini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, ingliz tilida gaplashmaydigan davlat talabalari til sertifikatini (IELTS, TOEFL) ham topshirishlari kerak. Bakalavr ta’limini ingliz tilida o‘qigan nomzoddan bunday sertifikat talab qilinmaydi.