Qashqadaryoda jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Shuhrat A'zamov manzilli koloniyaga o‘tkazilishi arafasida qamoqxonada o‘zini osib vafot etgani, marhumning yaqinlari u o‘zini osgani haqidagi izohga shubha bilan qarayotgani, o‘lim hodisasi yuzasidan Qarshi maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani haqida xabar berilgandi. 

Qashqadaryo prokuraturasi holat yuzasidan Kun.uz’ga qo‘shimcha ma'lumot taqdim etdi.  

2021 yil 28 mart kuni soat 16:30da Qarshi maxsus prokuraturasiga Qashqadaryo viloyati, Shayxali qo‘rg‘onida joylashgan 2-sonli jazoni ijro etish koloniyasidan, ushbu koloniyada JKning 164-moddasi 4-qismi “a,v” bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, 13 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan, 2017 yil 10 yanvardan jazo muddatini o‘tab kelayotgan Sh.A'zamovning o‘z joniga qasd qilgani yuzasidan ma'lumot kelib tushgan. 

Voqea joyiga soat 16:50da yetib borgan Qarshi maxsus prokurori boshchiligida tezkor-tergov guruhi tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan protsessual harakatlar amalga oshirilgan. 

Jumladan, Qarshi maxsus prokurori adliya maslahatchisi D.To‘rayev tomonidan mahkum Sh.A'zamovning murdasi to‘liq ko‘zdan kechirilganida, uning bo‘yin sohasidagi strangulyatsion egatdan tashqari, tanasining boshqa biror qismida jarohat izlari aniqlanmagan. 

Bu haqda shu joyning o‘zida murdani ko‘zdan kechirish bayonnomasi rasmiylashtirilib, xolislar ishtirokida imzolanib, ko‘zdan kechirish jarayoni to‘liq fotosuratga tushirilgan. 

Qashqadaryo viloyati Sud-tibbiyot ekspertizasi markazi xulosasiga ko‘ra, marhum Sh.A'zamovning o‘limiga, uning bo‘yin qismidan osilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan. Marhum Sh.A'zamovning tanasida boshqa bironta jarohat aniqlanmagan. 

Holatga aniqlik kiritish maqsadida o‘limidan bir necha daqiqa oldin marhumning yonida bo‘lgan mahkumlar bilan suhbatlashilganida, ular temirchilik sexida marhum bilan birgalikda ishlab kelishganini, shu kuni Sh.A'zamov shaxsan o‘zi koloniya rahbariyatidan sexga chiqib ishlashga ruxsat so‘raganini, ular birgalikda temir payvandlash ishlari bilan shug‘ullanganliklarini, Sh.A'zamov atrofdagilar bilan har kungiday muomalada bo‘lganini, uning harakatlarida bironta o‘zgarish kuzatmaganlarini, soat 15:30larda u o‘zi yasayotgan pechka uchun bir bo‘lak metall topish maqsadida alebastr saqlash omborxonasi yonidagi metall bo‘laklari saqlanadigan joyga borib kelishini aytganini, 10 daqiqa o‘tib qaytib kelmagani sababli ularni nazorat qilib turgan harbiy qism nazoratchisi Sh.A'zamovni qidirib ketganini, oradan 2-3 daqiqa o‘tib, nazoratchining baqirgan tovushi eshitilgani, shundan keyin Sh.A'zamov alebastr saqlash omborida o‘zini osib qo‘ygani haqida bilishgani ma'lum bo‘ldi.