Madridliklar va londonliklar kuchli yomg‘ir ostida va ko‘klar jamoasining fransiyalik tayanch yarimhimoyachisining kuchli o‘yini bilan kechgan o‘yinda bir-biriga bittadan gol urdi. Chempionlar ligasi finalchisi masalasi keyingi o‘yinga qoldirildi.

Chempionlar ligasi. 1/2 final. Birinchi o‘yin
«Real» — «Chelsi» — 1:1 (1:1)
Gollar: Pulishich, 14 (0:1). Benzema, 29 (1:1).
«Real»: Kurtua, Marselo (Odriosola, 77), Varan, Nacho, Karvaxal (Asensio, 77), Eder Militao, Modrich, Kroos, Kazemiro, Benzema (Rodrigo, 90+2), Vinisius Junior (Azar, 66).
«Chelsi»: Mendi, Tiagu Silva, Aspilikueta (Jyeyms, 67), Ryudiger, Kristensen, Chilluell, Jorjinyu, Kante, Maunt, Verner (Havers, 66), Pulishich (Ziyosh, 66).
Ogohlantirishlar: Vinisius Junior, 27. Pulishich, 38. Kroos, 60. Marselo, 65. Varan, 78. Odriosola, 89.
Hakam: Makkeli (Niderlandiya).
27 aprel. Madrid. «Alfredo di Stefano» stadioni.
Javob o‘yini 5 mayga belgilangan.

Chempionlar ligasida bu ikki jamoa ilk bor to‘qnashdi. Bu ham Superliga qanchalik yomon g‘oya ekanini ko‘rsatadi. Bu turnirda bu jamoa o‘zaro o‘ynayverib, muxlislarni zeriktirib yuborgan bo‘lardi. Hozirgi holatda esa bu to‘qnashuvga qiziqish katta edi.

Kadrlar muammosi «Real»ning nafaqat tarkib borasidagi, balki sxema bo‘yicha tanloviga ham ta'sir ko‘rsatdi. Zinedin Zidan Ramos, Mendi, Vaskes va Valverde kabi futbolchilardan foydalana olmasdi, bu futbolchilarning yo‘qligi esa murabbiyni tajribalar qilishga majbur qilardi.

Zidan besh nafar nominal himoyachini va faqat ikki hujumchini tushirdi. Ammo shu bilan birga «Real» pressing uchun 3-4-3 sxemasini tanladi, xuddi «Chelsi» kabi. Vinisius, Benzema va Modrich pressingning ilk chizig‘idan o‘rin olishdi, Kazemiro va Kroos bir chiziqda joylashishdi. Bunday noodatiy joylashuv futbolchilarga noqulaylik keltirib chiqardi.

Tomas Tuxel o‘z odatiga ko‘ra 3-4-3 sxemasini tanladi, ammo unda syurprizlar ham bor edi. Pressing vaqtida hujum uchligi vakili bo‘lgan Maunt pozitsion hujumlarda ortga qaytib, Kante bilan bir chiziqda joylashdi va sxema 3-5-2 ko‘rinishiga o‘zgardi. U ham, Kante ham to‘pni orqaroqdan olib chiqishdi, hujumning yakuniy bosqichida oldinga o‘tishdi.

Tarkibda ham kichik syurpriz bor edi. Odatda markaziy himoya uchligida o‘ynagan Aspilikueta fulbek rolida tushdi. Qolgan holatlarda Tuxelning tanlovi oldindan ma'lum edi. Kovachich yo‘qligi tufayli tayanch zonasini Kante va Jorjino juftligi band etdi, Pulishich va Verner juftligi o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshladi.