Mojaro nimadan boshlandi?
28 aprel kuni kunning ikkinchi yarmida Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi mahalliy aholi ishtirokida navbatdagi mojaro yuz berdi. Mojaroga Tojikiston tomoni chegaraoldi hududida, «Bosh» suv taqsimlagich uchastkasida elektr uzatish simlari ustunlariga videokuzatuv kameralari o‘rnatishni boshlagani sabab bo‘lgan. Ushbu hududni bahsli deb hisoblaydigan Qirg‘izistonning chegara otryadi va Botken viloyatidagi politsiya xodimlari videokameralarni o‘rnatishni to‘xtatishni talab qilgan. Mojaro yuz bergan joyda taxminan 150 kishi to‘planib, bir-biriga tosh otishni boshlagan, mahalliy aholi vakillaridan birining ko‘ziga o‘q uzilgan.

  • Tojikiston «Bosh» suv taqsimlagich uchastkasi joylashgan hududni o‘z hududi deb hisoblaydi. Qirg‘iziston esa bu hududni bahsli hudud deb biladi.

Qirg‘iziston chegara xizmati 29 aprel tongida Botkenning Ko‘cha-Bo‘yi hududida vaziyat keskinlashganini ma'lum qildi.

«29 aprel kuni soat 04:40da Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken Kocho-Boyu hududida vaziyat keskin tus oldi», — deb xabar bergan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati matbuotiga tayanib.

Qirg‘iziston tomoni tojikistonliklar qirg‘iz fuqarolariga tegishli uylarga tosh otishgani, yo‘ldan o‘tayotgan Qirg‘iziston avtoulovlariga ov miltiqlaridan o‘q uzilganini ma'lum qildi.

Botken viloyatidagi Oq-Soy, Oq-Tatir va Samarqandek qishloqlarida favqulodda vaziyat joriy qilingan.

Internetda otishma videolari tarqaldi. Tomonlar bir-birini ayblamoqda

Kunning ikkinchi yarmiga kelib chegaradagi «Bosh» suv taqsimlagich uchastkasi hududida otishma boshlangan. 

Mahalliy aholi vakillari ijtimoiy tarmoqlarga otishma jarayonida olingan videolarni joyladi.

«Botkenda urush boshlandi», deya baqiradi videolardan birining muallifi.

Kaktus.media muxbiri bilan gaplashgan mahalliy aholi vakili hududdagi holatni so‘z bilan tasvirlash mushkul ekani, har tomonda tez tibbiy yordam mashinalari qatnayotganini aytadi. U ko‘chalarda tanklar harakatlana boshlaganini qo‘shimcha qilgan.