Bu – O‘zbekistonning Venetsiya biyennalesidagi debyut loyihasidir. Pavilon komissari – Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi.
Jamg‘arma bergan ma'lumotga ko‘ra, loyihaning asosiy vazifasi – global madaniy olamda milliy ishtirokni mustahkamlash.
Ko‘rgazma kuratorlari – Tsyurixdagi Oliy texnika maktabining arxitektura va dizayn professorlari va Christ & Gantenbein arxitektura byurosi sherik-asoschilari Emanuyel Krist va Kristof Gantenbeynlardir.
Loyiha rassomi va ovoz rejissyori – Karlos Kasas. Fotograf va rassom – Bas Prinsen.
O‘zbekiston ilk bor Venetsiya biyennalesida ishtirok etadi
— Kun.uz (@KunUzNews) April 29, 2021
👉 https://t.co/eCa3UpXHv9 pic.twitter.com/D043d350kl
«Mahalla: shahar va qishloq hayoti» loyihasi mahallalarning O‘zbekiston uchun madaniy va me'moriy ahamiyatini o‘rganadi va 17-Venetsiya Xalqaro arxitektura biyennalesining bosh savoli – «Biz qanday qilib birga yashaymiz?»ga javob beradi.
«Mahalla: shahar va qishloq hayoti» loyihasi – bu xalqaro jamoaning hamkorligi natijasi bo‘lib, unda tashkilotchilar global tajriba va mahalliy iste'dodga tayangan. Shunday qilib, Toshkent shahridagi Zamonaviy san'at markazining fanlararo eksperimental laboratoriyasi ostida faoliyat yuritayotgan O‘zbekistonning Yosh rassomlari va me'morlari O‘zbekiston Milliy pavilonini yaratish doirasida mahalliy tadqiqotlarda faol qatnashdi va loyihaga katta hissa qo‘shdi.
Ular mahallalar aholisi bilan suhbatlar o‘tkazib, Venetsiya arxitektura biyennalesidagi O‘zbekiston paviloniga tashrif buyuruvchilar uchun bepul taqdim etiladigan fanzin (fan magazine – fan-jurnal) yaratishdi.
Fanzin «Mahalla 40» hozirgi kun mahallalarida mavjud nomoddiy madaniy merosni 40 ta asosiy so‘zlarda ta'riflaydi. Ushbu so‘zlar birgalikda yashab, an'anaviy qo‘shnichilik ijtimoiy organizmi nomi ostida hayotlarini bog‘lagan jamiyatni yoritib beradi.
Tanlangan so‘zlarning aksariyati o‘zbek xalqining fikrlashi, xulq-atvori va madaniyatiga singib ketgan. Ulardan ba'zilari tez-tez, boshqalari kamroq uchrasa-da, barchasi mahalla muhitiga sho‘ng‘iganda eng iliq tuyg‘ularni uyg‘otadi.

















