O‘zbekiston | 16:51 / 30.04.2021
5208
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya bilan birgalikda fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash maktabi tashkil etiladi

Prezident “Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Transport vazirligining Fransiya Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi (ENAC) bilan birgalikda Toshkent davlat transport universiteti tarkibida Fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash maktabini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • maktabda ta’lim faoliyati 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi hamda dastlab qo‘shma ta’lim dasturlari (double degree) asosida “Havo kemalarining parvoz ekspluatatsiyasi” bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash tashkil etiladi;
  • maktabda talabalar o‘qishi uchun to‘lov-kontrakt miqdori Fransiyaning Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan kelishilgan holda Toshkent davlat transport universiteti tomonidan belgilanadi;
  • maktab bitiruvchilariga Fransiyaning Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabining belgilangan namunadagi diplomi beriladi va u O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladi.

“Uzbekistan Airports” AJ va uning tarkibiga kiruvchi aeroportlar:

  • o‘z ehtiyojlari uchun maxsus texnologik uskunalar, maxsus transport va axborot-kommunikatsiya mahsulotlarini yetkazib berish haqidagi import kontraktlarini “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda kompleks ekspertizadan o‘tkazgan hamda kontrakt tuzilganligi to‘g‘risidagi axborotni maxsus axborot portaliga joylashtirgan holda, ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlab olish yo‘li bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzishga;
  • fuqaro aviatsiyasi obektlarida ish tajribasiga ega bo‘lgan mahalliy va xorijiy loyiha tashkilotlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi hududida “Uzbekistan Airports” AJ tarkibidagi xalqaro aeroportlar va “O‘zaeronavigatsiya markazi” DUK tomonidan chet el aviakompaniyalariga xizmat ko‘rsatish (eksport) bilan bog‘liq operatsiyalarni, narxlarni xorijiy valutada belgilagan holda, shuningdek, tashqi savdo shartnomalar tuzmasdan va ular bo‘yicha ma’lumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan amalga oshirilishiga ruxsat berilsin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid