Ikki mamlakat aholisi o‘rtasidagi navbatdagi nizo Tojikiston tomoni Isfara daryosi yuqori oqimidagi «Bosh» suv taqsimlash punktidagi suv taqsimotini nazorat qilmoqchi bo‘lgani tufayli boshlandi. Qirg‘izistonning chegara otryadi va Botken viloyatidagi politsiya xodimlari videokameralarni o‘rnatishni to‘xtatishni talab qildi. Tojikiston bu hududni o‘ziniki deb hisoblaydi, Qirg‘iziston esa bahsli hudud sifatida biladi.

Tojikiston fuqarolari Qirg‘izistonning ikki tumanini o‘zaro bog‘lab turadigan avtoyo‘lni yopib qo‘ydi, qirg‘izlar esa Tojikistonning Vorux anklav hududiga olib boradigan yo‘lni to‘sdi. Kunning ikkinchi yarmiga kelib vaziyatga harbiylar aralashdi.

Qirg‘iziston davlat chegara xizmati matbuot markazi ma'lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 13:00dan keyin tojik tomoni chegaradagi «Qapchig‘ay», «Mingbuloq», «Do‘stlik» zastavalariga, shuningdek, «Xo‘jagar» va «Buloqboshi» chegara postlariga qarata o‘t ocha boshladi. Minomyotdan berilgan zarbalar oqibatida Botken chegara otryadining «Do‘stlik» chegara zastavasida yong‘in chiqdi.

Matbuot xizmati vakilining so‘zlariga ko‘ra, «tojikistonlik harbiylarning harakatiga javoban Qirg‘iziston Respublikasi milliy xavfsizlik xizmati qo‘mitasi chegara xizmatining «Boru» maxsus otryadi Tojikiston Respublikasining «Xo‘ja a'lo» chegara zastavasini egallab olgan».

«Qirg‘iz-tojik davlat chegarasining butun perimetri bo‘ylab ikki tomon ham qo‘shimcha kuch va vositalarini harakatga keltirgan», deyilgan vazirlik xabarida.

Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyati bo‘yicha maxsus vakili O‘murbek Suvonaliyevning «Interfaks»ga ma'lum qilishicha, Botken viloyatining Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgan yana bir tumani Laylakda ham qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan.

«Kulundu va Maksat qishloqlari yaqinida Tojikiston qurolli kuchlari bilan qurolli to‘qnashuvlar boshlandi. Hozircha jabrlanuvchilar haqida ma'lumotlar kelib tushmagan. Tojikiston tomonidan berilgan artilleriya zarbalaridan keyin chegara zastavasida yong‘in chiqqan», degan Suvonaliyev.

Payshanba kuni kechga yaqin Qirg‘iziston TIV tomonlar mahalliy vaqt bilan soat 20:00da o‘t ochishni to‘xtatish borasida kelishuvga erishgani haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, harbiy kuchlar oldingi joylariga qaytariladi. Tojikiston TIV ham bu ma'lumotni tasdiqladi. «Yaqin vaqtlar ichida Isfara shahrida ikki davlat huquq-tartibot organlari rahbarlari ishtirokida muzokaralar boshlanadi», deya Tojikiston TIV bayonotini keltirgan «RIA Novosti».