Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqanddagi sessiyada ikki mansabdor qatnashmadi, ammo deputatlar ularning «hisoboti»ni tasdiqlashdi. Nega?
7 may kuni Xalq deputatlari Samarqand viloyat kengashining o‘ttizinchi sessiyasi o‘tkazildi. Unda kun tartibiga kiritilgan masala yuzasidan hisobot berishi lozim bo‘lgan ikki mansabdor sessiyada qatnashmagan bo‘lsa-da, deputatlar hisobotni tasdiqlashga majbur bo‘lgan.
Kun.uz manbasi xabar berishicha, viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Shukurovning «2021 yilda Samarqand viloyatida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021 yil 2 apreldagi «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-5048-sonli qarori asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risida»gi hisoboti eshitilishi kerak bo‘lgan.
Buni qarangki, mansabdor sessiyada qatnashmagan va deputatlar qo‘liga aksariyat holatlarda bo‘lgani kabi hisobot materiali tarqatilgan. Odatda, sessiya kun tartibi va qarorlarning qoralama nusxalari sessiya boshlanishidan o‘n-un besh daqiqa avval deputatlarga beriladi. Bu degani, XALQ VAKILLARI kun tartibidagi mavzularni ko‘rib ulgurmaydi (masalan, mazkur sessiyada ham 11ta masala kun tartibiga kiritilgandi), o‘qib chiqqan taqdirda esa savol paydo bo‘lishi mumkin. Demak, deputatlar o‘zlarini qiziqtirgan savolni hokim o‘rinbosariga yetkazib qo‘yish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.
Darvoqe, mazkur sessiyada viloyat kengashining bir deputati – Aziz Ahrorov qurilish sohasi mas'ullarining hisobotini eshitish taklifini bildirgani aytilmoqda. Deputat ayniqsa, xususiy ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi borasida noqonuniy ishlar ko‘payib borayotgani haqida gapirgan. U noqonuniy qurilishlarni soha mutasaddilari, hatto prokuratura ham to‘xtatolmayotgani, o‘z navbatida ertaga mulkiy da'vo paydo bo‘lsa, to‘lov mahalliy budjetdan amalga oshirilishi, ya'ni odamlar «yemagan somsaga pul to‘lashi»ga to‘g‘ri kelishi haqida gapirgan.
Ahrorov ko‘targan masalani bir yo‘la ko‘rib chiqishga Shukurovning sessiyada ishtirok etmagani to‘sqinlik qilgan.
Sessiyada viloyat prokurori, ikkinchi sektor rahbari Ravshan Masharipovning «Viloyatni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush tarzi va ijtimoiy muhofazasini yaxshilash bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan 2021 yil II choragi uchun ishlab chiqilgan «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqlash to‘g‘risida»gi hisoboti ham eshitilishi kerak edi. E'tibor qiling, prokurorning «Yo‘l xaritasi» tasdiqlanishi kerak bo‘lsa-da, u ham sessiyada qatnashmagan. Ammo negadir prokurorning hisoboti yuzasidan ham tegishli qaror qabul qilingan.
Savol: sessiyada hisobot berishi kerak bo‘lgan mansabdorning o‘zi qatnashmasa-da, qachongacha deputatlar qo‘l ko‘tarishga, masalani tasdiqlashga majbur bo‘ladi? Qachon bizning mahalliy kengash sessiyalarida kun tartibiga qo‘yilgan, ammo mas'uliyatini bo‘yniga olmagan rahbarning «hisoboti» deputatlar tomonidan tasdiqlanishiga chek qo‘yiladi? Buning uchun deputatlarga nima yetishmayapti – bilimmi, jasoratmi, qat'iyatmi?
Mavzuga oid
18:37 / 02.05.2026
Farg‘ona va Surxondaryoda sel kuzatildi, Samarqandda ko‘chalarni suv bosdi
09:45 / 21.04.2026
Samarqandda mashinasozlik sanoat zonasi tashkil etiladi
10:35 / 20.04.2026
Samarqandda noqonuniy oltin ajratib olish faoliyatiga chek qo‘yildi
15:09 / 04.04.2026