O‘zbekiston | 10:43 / 11.05.2021
5161
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya kompaniyasi Samarqandda quyosh elektr stansiyasi quradi

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi tomonidan Samarqand viloyatida quyosh elektr stansiyasi quriladi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma'lumotida aytilgan.

Joriy yil 10 may kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov hamda Fransiya tashqi savdo va iqtisodiy jozibadorlik masalalari bo‘yicha vaziri Frank Riyester raisligida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Fransiya hukumatlararo komissiyasi 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Fransiya Tashqi savdo va iqtisodiy jozibadorlik vazirligi o‘rtasida 2021-2030 yillarga mo‘ljallangan ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik uchun “Yo‘l xaritasi”, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro umummavsumiy kurortini yaratish loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha moliyaviy bayonnoma imzolandi.

Shuningdek, “Suez” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan - Toshkent shahrida suv ta'minoti tizimini modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasini moliyalashtirish to‘g‘risida moliyaviy bayonnoma, “Total Eren” kompaniyasi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki va “Proparco” Fransiya taraqqiyot agentligi bo‘linmasi bilan birgalikda Samarqand viloyatida quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha moliyaviy bitim ham imzolandi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari hamda Fransiya kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikka oid qator ikki tomonlama hujjatlarga imzo qo‘yildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid