Inson borki, ko‘zni quvnatadigan chiroyli yaratiqlar joriy etishni xush ko‘radi. Bu yaratiqlar tabiatga, jonivorlarga zarar yetkazish, ularni azoblash hisobiga bo‘lishi esa achinarli holat.

Nafaqat poytaxtda, balki barcha viloyatlarda ko‘plab sotilayotgan bu jo‘jalar kimyoviy bo‘yoq yoki oziq-ovqat bo‘yog‘i yordamida shunday holatga keltirilgan.

Inkubatorda ochirilgan jo‘jalar 800-1000 so‘mdan turadi va 1 kunlik jo‘jalarni istagancha topish mumkin ekan. Bu jo‘jalarni xohlagan rangga bo‘yab sotish mumkin. Kun.uz suhbatlashgan sotuvchilar bunday jo‘jadan bir kunda o‘rtacha 500 dona sotilayotganini aytishdi.

Masalan, ulgurji narxda 1000 so‘mdan jo‘ja sotib olib, ularni bo‘yab, o‘rtacha 5000 so‘mdan sotilsa, bor-yo‘g‘i 500 ta jo‘ja sotgan odam bir kunda 2 mln daromad ko‘rishi mumkin. Oson va arzon biznes turi. E'tiborimizni tortgan jihat – xaridorlarning aksariyati farzandlari uchun xarid qilishmoqda.

Ammo buning zararli jihatlari bor. «Parrandasanoat» uyushmasi boshqarma boshlig‘i Hakim Normuhammedov jo‘jalarning bu usulda reklama qilinishi ularning salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatishini aytdi.

Hakim Normuhammedov

«Mutaxassis sifatida aytamanki, bu jo‘jalar ozuqa bo‘yoqlari bilan har qaysi rangga alohida bo‘yalib, sotuvga chiqarilyapti. Juda chiroyli yorqin ranglarda ular diqqatni tortadi. Lekin hammamizga ma'lumki, tabiatda parrandalar tabiiy ravishda bundan ranglarga ega emas.

Buning salbiy ta'siri shundan iboratki, terisi va nafas olishi orqali jo‘ja organizmiga bo‘yoq elementlari tushadi. Bunda uning organizmi zararlanadi. Birinchi navbatda bo‘yoq sepilganda jo‘jalarning usti ho‘l bo‘ladi. Yangi ochib chiqqan jo‘ja terisi juda nozik bo‘ladi. Namlik oqibatida bir necha kundan so‘ng unda shamollash kuzatilishi mumkin. Yana bir yomon ta'siri, nafas orqali kirgan bo‘yoq zarrachalari jonivorning o‘pkasini zararlashida.

Ba'zi holatlarda jo‘ja ochilmasdan turib tuxum qaysi rangga bo‘yalsa, shu rangda jo‘ja ochilishini eshityapmiz. Qo‘pol qilib aytganda, bu ertak. Jo‘janing rangi tuxumning rangiga bog‘liq emas. Odatda tuxum rangi oq, jigarrang va qaymoqrangda bo‘ladi. Lekin tuxum qaysi rangda bo‘lishidan qat'iy nazar ochib chiqqanda xo‘roz jo‘jalarning rangi boshqacha, tovuqlarning rangi boshqacha bo‘lishini kuzatish mumkin, ya'ni ikkalasiyam bir xil rangli tuxumdan chiqsa ham ranglari turlicha bo‘ladi», – dedi mutaxassis.