11 may kuni Respublika ta'lim markazi axborot xizmati va unga tayangan holda qator internet saytlar «Endi o‘zbek tili ham chet tili sifatida o‘qitiladi» sarlavhali xabar e'lon qildi. Xabar e'lon qilinishi bilan muloqot tarmoqlarida faol muhokama mavzusiga aylandi.

«Bu bilan davlat tilining qadrini tushirishadi», «Nahotki, o‘zbek tili endi o‘z yurtimizda chet tillari safiga kiritiladi», – deb yozdi yangilikdan norozi qator foydalanuvchilar.

Xo‘sh, ta'lim tili o‘zga tilda bo‘lgan sinflarda davlat tili — o‘zbek tili chet tili kabi o‘rgatilishi aslida nimani anglatadi? Bu haqiqatda o‘zbek tili qadrini tushiradimi?

Kun.uz muxbiri shu kabi savollar yuzasidan Respublika ta'lim markazi rahbari Shuhrat Sattorov bilan intervyu uyushtirdi.

Til o‘qitishning bu yondashuvida asosiy e'tibor o‘quvchining nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratiladi.

Bu o‘zgarishlarda asosiy mohiyat metodik yondashuv haqida ketmoqda. Ya'ni o‘zbek tili ona tili bo‘lmagan o‘quvchiga tilni o‘rgatishda chet tilini o‘qitish metodikasi asos qilib olinadi. Bu normal, butun dunyoda qabul qilingan va o‘zini oqlagan yondashuv. Misol uchun, AQSh va Buyuk Britaniyada «ESL — English as a Second Language» dasturi bor, ingliz tili ona tili bo‘lmagan o‘quvchilarga ingliz tili shu yondashuv asosida o‘qitiladi.

Tilni o‘rganishda dunyoda ikki xil yo‘ldan boriladi:

     1) Ona tilini o‘qitish;

     2) Chet tilini o‘qitish.

Bu amaliyot asosida O‘zbekistonda ham milliy til sifatida «Ona tili», o‘zga millat vakillari uchun esa «o‘zbek tili» fanini o‘qitish joriy qilingan. Bunda «Ona tili»ni o‘qitishda, asosan, grammatikaga urg‘u qaratilsa, o‘zga tillilarga davlat tilini o‘qitishda «ikkinchi tilni o‘qitish metodologiyasi» asos qilib olinadi.

Bunda ikkinchi tilga chet tili sifatida qaraladi. Ikkinchi til (ya'ni ona tili bo‘lmagan til) chet tili o‘qitish metodikasi asosida o‘qitiladi, til materiali (leksika, grammatika) bosqichma-bosqich o‘quvchi ehtiyojini hisobga olgan holda kiritiladi.Til o‘qitishning bu yondashuvida asosiy e'tibor o‘quvchining nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratiladi. Ya'ni bunda tilga oid chuqur nazariy bilimlar berilmaydi.