Uch viloyatda jami 185 milliardlik neft mahsulotlari talon-toroj qilingani aniqlandi. Mas'ullar ishdan olindi
Jizzax, Buxoro va Andijon viloyatlarida jami 180,7 milliard miqdoridagi neft mahsulotlari talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Kun.uz’ga «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati xabar berdi.
«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida tizim korxonalari, boshqarmalar va neft bazalari rahbarlari hamda departament boshliqlari ishtirokida o‘tkazilgan videoselektorda 2021 yilning yanvar–aprel oylari davomida tabiiy gaz, gaz kondensati, neft qazib chiqarish, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishi tanqidiy muhokama qilindi.
Boshqaruv raisining ta'kidlashicha, neft bazalari omborlaridagi qoldiqlar zavodda yuritilayotgan hisobotlardagi qoldiqlar bilan o‘zaro solishtirib ko‘rilganda, katta miqdorda kamomad mavjudligi aniqlandi.
Jumladan, Jizzax neft bazasi bo‘yicha kamomad – AI-80 avtobenzindan 4,2 ming tonna, AI-91 avtobenzindan 61 tonna va Eko dizel yonilg‘isidan 13,1 ming tonna aniqlandi, ushbu kamomadning o‘rtacha qiymati 146 mlrd so‘mni tashkil qiladi.
Buxoro neft bazasi bo‘yicha ham kamomad mavjud bo‘lib, AI-80 avtobenzindan 345 tonna, AI-91 avtobenzindan 263 tonna, AI-92 avtobenzindan 55 tonna va Eko dizel yonilg‘isidan 1,8 ming tonnani tashkil qildi. Kamomadning o‘rtacha qiymati 20,7 mlrd so‘m deb baholandi.
Yuqoridagi neft bazalarida bo‘lgani kabi Andijon neft bazasi bo‘yicha ham kamomad borligi aniqlangan. AI-80 avtobenzindan 84 tonna, AI-91 avtobenzindan 280 tonna, AI-92 avtobenzindan 6,7 tonna va Eko dizel yonilg‘isidan 1,9 ming tonna bo‘lgan kamomadning o‘rtacha qiymati 19 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Talon-torojga yo‘l qo‘ygani uchun Jizzax va Andijon neft bazalari rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
«O‘zbekneftgaz» AJ Moliyaviy va komplayens departamenti tomonidan bunday o‘rganish tizimdagi barcha korxonalarda o‘tkaziladi. Aniqlangan kamomadlar yuzasidan huquq-tartibot idoralari tegishli tartibda ish olib borishadi», deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
18:04 / 14.09.2024
Yirik energetika korxonalarining soliq to‘lovlari keskin qisqarishda davom etmoqda
21:27 / 05.09.2024
GTL zavodining davlatga soliq tushumi 2 barobarga kamaygani ma’lum bo‘ldi
20:27 / 29.08.2024
Yirik energetika korxonalari soliq to‘lashni keskin kamaytirdi
13:59 / 29.08.2024