Jahon | 09:06 / 18.05.2021
5670
3 daqiqa o‘qiladi

Chexiya ichki ishlar vaziri Vrbetitsedagi portlashni «yopdi-yopdi qilmoqchi» bo‘lganlikda gumonlanmoqda

Foto: Global Look Press

Chexiyaning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish milliy markazi mamlakat ichki ishlar vaziri Yan Gamachekning Moskvaga amalga oshmagan safari yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Gamachek Vrbetitseda joylashgan o‘q-dori omborlaridagi portlashlarni «yopdi-yopdi qilish» evaziga Rossiyadan 1 mln «Sputnik V» vaksinasini olishga urinishda gumon qilinmoqda

Markaz vakili Yaroslav Ibegeyning ma'lum qilishicha, markaz ikkita jinoyat – maxfiy axborotni oshkor qilish va xizmat mavqeyini suiiste'mol qilishga gumon bilan Gamachekning Moskvaga rejalashtirgan safari tafsilotlarini tergov qilishni boshlagan. Uning ta'kidlashicha, ishning borishini Praga bosh prokuraturasi o‘z nazoratiga olgan.

Avvalroq Pardubitse o‘lkasi gubernatori Martin Netolitskiy mahalliy OAVga Gamachek Rossiyaga «Sputnik V» vaksinasi evaziga Vrbetitsedagi portlashlar ishini «yopdi-yopdi qilish»ni taklif qilish uchun Moskvaga safar amalga oshirishni rejalashtirganini ma'lum qilgan. Shundan keyin Gamachek Netolitskiyni o‘z lavozimidan bo‘shatib yuborgan.

Gamachek o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni qat'iyan rad etmoqda. Avvalroq Seznam Zprávy nashrida Gamachek 19 aprelda Rossiyaga tashrif buyurishni va portlashlar bilan bog‘liq mojaroni «yopdi-yopdi qilish» bo‘yicha Moskva bilan kelishishni rejalashtirgani ma'lum qilingan. Gamachek ushbu ayblovlar yuzasidan nashrni sudga bergan va undan 10 mln krona tovon puli undirmoqchi.

Aprel oyida Chexiya Vrbetitsedagi portlashlarga aloqadorlikda gumon qilib 18 rossiyalik diplomatni o‘z hududidan chiqarib yuborgandi. Chexiyaning ta'kidlashicha, diplomatlar aslida Rossiya razvedkasi xodimlari bo‘lgan. Moskva ushbu ayblovlarni rad etib, o‘z diplomatlarining chiqarib yuborilishiga javoban 20 nafar chexiyalik diplomatni «persona non grata» deb e'lon qilgandi.

14 may kuni Rossiya «nodo‘st davlatlar» ro‘yxatini tasdiqlab, unga Chexiya va AQShni kiritgan. Chexiya tashqi ishlar vazirligida Moskvaning ushbu qarori nafaqat Praga, balki Yevropa Ittifoqi va uning ittifoqdoshlari bilan «munosabatlarni yanada keskinlashtirish uchun yana bir qadam» sifatida qabul qilinishi aytilgan.

Mavzuga oid