Qorilar musobaqasi tashkilotchisi, AzonTV asoschisi Mubashshir Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, mas'ullar aholining Qur'oni karimni o‘rganishidan qo‘rqmasligi lozim.

«Ushbu yilda o‘tkazilayotgan Qur'on musobaqasi o‘ziga xos tarzda bo‘ldi. Sababi Qur'on musobaqalarini butun dunyoda juda katta tantana bilan o‘tkazadigan mamlakatlar ham pandemiya sharoiti tufayli o‘tkaza olmadi. Lekin bizning diyorimizda bu an'ana davom etdi. Boshqa biror davlat onlayn Qur'on musobaqasini o‘tkazgani haqida eshitmadik, O‘zbekistonda shu narsa amalga oshdi. Qolaversa, ishtirokchilarning ko‘pligi tufayli bu tadbir yanada qiziqarli bo‘ldi.

Mubashshir Ahmad

Mingdan oshiq qori saralash bosqichlarida qatnashdi, ularning ichidan tanlab olingan 280 nafar qori onlayn musobaqalarda ishtirok etdi. Bulardan ham 28 nafari tanlab olinib, ularning o‘rtasida bugun yakuniy bosqich o‘tkazildi.

Ma'lumki, har bir ish boshlanishida mukammal bo‘lmaydi, kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkin. Biroq oldingi Qur'on musobaqalaridan chiqarilgan xulosalar asosida, qorilarning ham bu musobaqaga qiziqishlari boshqacha bo‘lgani ilgari o‘tkazilgan musobaqalardan farqlanadi.

Avvallari saralash bosqichlari qorilar yashaydigan mintaqada o‘tkazilgan bo‘lsa, endi Toshkentdagi studiyamizdan turib saralash bosqichlari o‘tkazildi. Bunda qorilarimizdan nafaqat Qur'on to‘g‘risidagi bilimlari, balki zamonaviy aloqa vositalari, texnologiyalarini ham bilish talab etildi. Yana yildan yilga musobaqalarning saviyasi oshgani uchun oldingi musobaqalardan ko‘ra qorilarning Qur'on yodlash, tajvid borasidagi ilmlari mukammallashganiga guvoh bo‘ldik.

Boshida biz haftasiga ikki yo‘nalish bo‘yicha 20 nafar qorini imtihon qilamiz, deb o‘ylagan edik. Birinchi haftada mingdan ortiq qori ariza topshirdi. Bu biz kutganimizdan 10-12 baravar ko‘p va qiziqish katta ekanini ko‘rsatadi.