O‘zbekiston | 11:44 / 21.05.2021
4761
4 daqiqa o‘qiladi

Jamiyatdagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan yosh dasturchilar musobaqasi boshlandi

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan “Urban.Tech Uzbekistan” hakaton musobaqasi boshlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Musobaqa yoshlarning hududlardagi mavjud muammolarga nisbatan daxldorligini oshirish, yangi innovatsion yechimlar yaratishga undash maqsadida o‘tkazilmoqda. Uch kun davomida o‘tkaziladigan musobaqada kreativ va innovatsion loyihalar taqdim etiladi.

Hakatonda ishtirok etayotgan yoshlar jamoasi o‘z ijodlarini namoyish etish, yangi dasturiy imkoniyatlar ishlab chiqish, o‘z g‘oyalarini investorlarga to‘g‘ri yetkazish hamda sotish, bilim va mahoratlarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Eng yaxshi loyihalar homiylar tomonidan rag‘batlantiriladi. Hakatonda 3 yo‘nalish bo‘yicha jamiyatda yuzaga kelayotgan muammolar yechimi yuzasidan innovatsion loyihalar yaratish ko‘zda tutilgan: tibbiyot sohasida, fan va ta'limda axborot texnologiyalari hamda ijtimoiy hayotda axborot texnologiyalari.

Musobaqada ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish 15 mayga qadar davom etdi va unda 14 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 160 nafar shaxs ariza topshirdi. Ular orasidan eng munosiblarini tanlab olish esa 20-22 may kunlari amalga oshiriladi.

Tadbirni Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odil Iminov, innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova hamda Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi bosh direktori Olim To‘ychiyevlar ochib berishdi.

“Urban.Tech Uzbekistan” hakatonida bir nechta spikerlar o‘z tajribalarini musobaqada qatnashayotgan yoshlar bilan bo‘lishdi. Jumladan, “SmartGov Consulting” byurosi ijrochi direktori Aziza Umarova, TISS inkubatsiya markazi rahbari Muslimbek Pirnazarov kabi spikerlar taqdimoti orqali yosh loyihachilar kerakli ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Firdavs Ne'matzoda mazkur hakatonni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistonda yoshlar orasida axborot texnologiyalar va sun'iy intellekt yarata oladigan mutaxassislarni ko‘paytirish ekanini ta'kidladi.

“Hakaton so‘zi haker va marafon so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, hakerlar marafoni, dasturchilar marafoni degan ma'noni bildiradi. Biz jamiyatimizda eng dolzarb hisoblangan 3ta muammoni kiritdik, homiylar tomonidan ham bitta yo‘nalish kiritildi. 3 kun davomida dasturchilardan iborat jamoalar shakllantirilib, ular hakamlarga shu muammoning yechimiga qaratilgan dasturiy ta'minotlarni ko‘rsatib berishadi. Eng yaxshi loyiha mualliflari 35 mln so‘mdan mukofotga ega bo‘lishadi. Bundan tashqari, loyihalar keyinchalik Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va joriy qilinadi. Bu musobaqada tibbiyot, fan va ta'lim, ijtimoiy hayotda muammolarga yechim topishda axborot texnologiyalaridan foydalanish kabi yo‘nalishlar bor.

Firdavs Ne'matzoda

Misol uchun, o‘tgan yili o‘tkazilgan musobaqada Muslimbek Pirnazarov ismli dasturchimiz tomonidan sun'iy intellekt orqali ayollarda ko‘krak bezi saratonini 99,9 foiz aniqlaydigan dastur yaratildi. Biz bilamiz, shifokorlar bu kasallikni tomografiya orqali aniqlashadi va ayrim holatlarda tashxis aniq qo‘yilmasligi mumkin. Ammo yaratilgan dastur yuqori natija berishi mumkin. Hakatondan ko‘zlangan asosiy maqsad ana shunday loyiha yaratuvchilarini topish va muammolarni kamaytirishdir”, dedi Firdavs Ne'matzoda.

Innovatsiya vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan musobaqa yana 2 kun mobaynida o‘z ishini davom ettiradi.

Mavzuga oid