Dasturlashni o‘rgatadigan BAA dasturi o‘zbekistonliklar uchun tekin

«Bir million o‘zbek dasturchisi» loyihasi e'lon qilingach, turmush o‘rtog‘im bilan loyihada qatnashish fikri tug‘ildi. Platformaning mukammalligi, xohlagan paytda ishdan bo‘sh paytingizda u bilan shug‘ullanish mumkinligi menga yoqdi va 2020 yil fevral oyida ro‘yxatdan o‘tdim. Bu loyiha aslida pulli, o‘zbekistonliklar esa tekin o‘rganishlari mumkin», deydi oila bekasi, mental arifmetika bo‘yicha xalqaro darajadagi murabbiy Gulnoza Xolova.

OMUC'da ishtirok etish shartlari haqida oilaning ikkinchi farzandi Bahrom gapirib berdi. Uning aytishicha, o‘zi ham dasturlashga yoshligidan qiziqqan. Shu sabab uzbekcoders.uz saytida berilgan bepul kurslarning Android ishlab chiqish yo‘nalishi bo‘yicha 3 oy o‘qib, 2 ta sertifikatga ega bo‘lgan.

«Birinchi bo‘lib xohlagan brauzeringizga kirib, uzbekcoders.uz deb yozasiz. Saytga kirasiz va ro‘yxatdan o‘tish tugmachasini bosasiz. Ro‘yxatdan o‘tish uchun Google akkauntingiz bo‘lishi kerak. Ism-familiyangizni yozib, akkaunt, parol va telefon raqamingizni kiritasiz. Bu orqali alohida profil yaratasiz. Profilingizda birinchi Udacity platformasi bilan bog‘lanasiz. Undan keyin 4 ta yo‘nalish: Android, FrontAnd, FullStack va Data analysis – ma'lumotlar tahlili chiqadi. Bu yo‘nalishlardan istalgan birini tanlab, tegishli videodarslarni ko‘rasiz. Darslarning 1-qismi yakunlanganidan keyin turli test va topshiriqlar berib, bilimingiz tekshiriladi va undan o‘tsangiz, ishtirokchi sertifikati beriladi. Darslarning ikkinchi yarmini yakunlab, yana bir imtihondan o‘tganingizdan keyin bitiruvchi sertifikatiga ega bo‘lasiz», deb tushuntiradi u.

Bu ikki sertifikatning ahamiyati haqida Gulnoza Xolova gapirib berdi: «Ishtirokchi va bitiruvchi sertifikatini olishdan maqsad OMUC loyihasi asosida Nanodegree imtihonlariga grant yutib olish. Bitiruvchi sertifikatini olganingizdan keyin elektron pochtangizga yakuniy imtihonlarda qatnashish imkoniga ega ekaningiz haqida xat keladi. Yakuniy imtihonlar 1 yilda 4 marotaba bo‘ladi va har safar 50 nafardan g‘olib saralab olinadi.

Uning aytishicha, Nanodegree kurslari OMUC'ning davomi. Bu orqali tanlagan yo‘nalishingizning qolgan bosqichlarini o‘qishingiz mumkin. Nanodegree diplomlari Google, AT&T, Autodesk, Sleforce va boshqa ko‘plab IT gigantlari tomonidan tan olinadi. Gulnoza Holova ham 2021 yil iyun oyida bo‘ladigan yakuniy imtihonlarda qatnashib, Nanodegree diplomlarini olishni niyat qilgan.