O‘zbekiston | 09:51 / 22.05.2021
36423
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq MXX binosini sotib olish bo‘yicha 3ta taklif kelib tushgan

Joriy yil 21 may kuni “Davaktiv” agentligida davlat tender komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda komissiya a'zolari va davlat aktivlarini sotib olish bo‘yicha takliflar taqdim etgan tadbirkorlar ishtirok etdi.

“Davaktiv” xabariga ko‘ra, ommaviy savdolarga chiqarilgan yirik aktivlarning 6tasi bo‘yicha jami 16ta taklif kelib tushgan. Jumladan, “Malika” savdo majmuasi, “Ichan qal'a” mehmonxonasi va “Qizil suv sport sog‘lomlashtirish” MChJ bo‘yicha 2ta, “Poytaxt biznes majmuasi” MChJ mulkiy majmuasi hamda “Markaziy bino hududi” (sobiq MXX binosi) bo‘yicha 3ta, “Gazetalar ishlab chiqarish majmuasi” binosi bo‘yicha 4ta talabgordan sotib olish bo‘yicha takliflar kelib tushgan.

Shundan so‘ng, talabgorlar taqdim etgan yopiq konvertlar davlat tender komissiyasi a'zolari, talabgorlar va OAV vakillari ishtirokida ochildi.

Endi ishchi organ tomonidan 5 ish kuni mobaynida talabgorlardan kelib tushgan takliflarning davlat aktivlari bo‘yicha savdo shartlariga mosligi, undan kelgusida foydalanish yo‘nalishlariga qo‘yilgan talabga taklif etilgan biznes konsepsiya loyihasi maqbul yoki maqbul emasligi o‘rganiladi.

Ishchi organ o‘z hisobotini tayyorlab, davlat tender komissiyasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi va ikkinchi bosqichga o‘tgan yoki o‘tmagani to‘g‘risida ma'lumotlar e'lon qilinadi. Har bir talabgorga individual xabarlar yuboriladi.

Avvalroq, sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Sayilgoh ko‘chasida joylashgan bosh qarorgohi ommaviy savdolarga qo‘yilgani xabar qilingandi. 

“Davaktiv” agentligi saytida joylangan e'londa bino hududi, uning virtual 360° darajali suratlari bilan tanishish uchun havola ham qo‘yilgan.

Mavzuga oid