23 may kuni kunduzi Gretsiya poytaxti Afinadan Litva poytaxti Vilnyus shahri tomon uchgan Ryanair aviakompaniyasi samolyoti shoshilinch tarzda qo‘ndirildi.

«Roman Protasevich qo‘lga olindi. U Ryanair aviakompaniyasining Afina-Vilnyus reysida uchayotgandi», - deya xabar qildi «Vesna» manbasi.

Svetlana Tixanovskayaning maslahatchisi Franak Vyachorka samolyot bortida jurnalist, Nexta telegram-kanalining sobiq muharriri Roman Protasevich bo‘lgani (u Nexta dan ketgach boshqa bir muxolifatchi kanal «Belarus golovnogo mozga» uchun ishlay boshlagan) haqida xabar berdi.

Litva prezidenti va tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Yevropadagi qator davlatlar rahbarlari, siyosatchilar va diplomatlar samolyot va yo‘lovchilarni zudlik bilan qo‘yib yuborishni talab qilishmoqda.

Gretsiya TIV Afinadan uchgan samolyot majburan qo‘ndirilishini davlat aviaqaroqchiligi akti deb atadi, Polsha bosh vaziri Belarus aviakompaniyalariga Yevropa Ittifoqi hududi ustidan parvozlar amalga oshirishni taqiqlash taklifini bildirdi.

Aviatsiya xavfsizligi sohasidagi ekspertlar yo‘lovchi laynerning yo‘li to‘silishi va u yo‘lovchilardan birini hibsga olish maqsadida majburan qo‘ndirilishini pretsedenti bo‘lmagan hodisa deb atashmoqda.

Belarus IIV Protasevich Minsk aeroportida qo‘lga olinganini tasdiqlagan.

Undan avvalroq «Minsk» xalqaro aeroporti Afinadan Vilnyusga uchgan Ryanair samolyoti mina o‘rnatilgani haqidagi xabardan keyin shoshilinch qo‘ndirilgani haqida xabar bergandi. Keyinroq bomba haqidagi xabar tasdiqlanmadi, ammo bortdagi barcha yo‘lovchilar tekshirilgani ma'lum qilindi.

O‘z navbatida, samolyot yo‘l olgan Litvadagi aeroport vakili «Reyter» agentligiga bortda yo‘lovchilardan biri va ekipaj a'zolari o‘rtasida janjal kelib chiqqanidan so‘ng samolyot Minskka qo‘ndirilgani haqida aytib berdi.

Belarusdagi Onliner nashrining qayd etishicha, Minskda yo‘lovchilar samolyotdan tushirilgan va qayta tekshiruvdan o‘tkazish uchun aeroport ichkarisiga olib ketilgan, shu vaqtda Protasevich qo‘lga olingan.

Ryanair aviakompaniyasining ma'lum qilishicha, samolyot bortidagi xavf haqida Belarus dispetcherlik xizmati xabar bergan.