Erta tongdan gullar bilan bezatilgan mashinalar paradidan boshlandi. o‘ziga xos gullarga burkangan 200 dan ortiq mashinalar Namangan xalqaro aeroportidan yo‘lga chiqib, Zahiriddin Muhammad Bobur bog‘iga qadar yo‘l bosib o‘tdi. Bu yilgi paradning o‘ziga xosligi — harbiy texnikalar ham gullar bilan bezatilgani bo‘ldi. 

Festivalning rasmiy ochilish marosimi esa Namangan shahridagi Tinchlik stellasida bo‘lib o‘tdi. Ushbu marosimga tayyorgarlik ishlari 2020 yil sentyabr oyidan boshlangan edi. Shahar atrofi shu kungacha 10 milliondan ortiq gullarga burkandi. Festival o‘tkaziladigan bog‘ ham o‘ziga xos landshaft dizaynlariga ega bo‘ldi.

Bayramning yana bir o‘ziga xosligi — gullar savdosi ham alohida pavilonda tashkil etildi. Festivalga nafaqat namanganlik, balki qo‘shni viloyatlar va qo‘shni respublikalardan ham mohir gulchilar tashrif buyurgan.

«10 yildan beri gulchilik bilan shug‘ullanamiz. Gullar bayramida 5 yildan beri qatnashamiz. Bu yil o‘zimiz o‘stirgan ko‘p yillik gullardan 3 mingga yaqinini olib kelganmiz», — deydi Andijon shahridan kelgan gulchi Rahimberdi Sotivoldiyev.

Festivalga Namangan bilan birodarlashgan viloyatlar va shaharlar delegatsiyalari ham taklif etilgan. Ular qatorida Turkiyaning Isparta va Usmong‘ozi, Xitoyning Tsingdau, Janubiy Koreyaning Inchon, Belarusning Mogilyov shaharlari, Pokistonning Panjob, Rossiyaning Chelyabinsk va Sverdlovsk, Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatlari bor.