Ayni kunlarda O‘qchida qulupnay sayli boshlangan. Kun.uz muxbiri tumanning mazkur mahallasida bo‘lib reportaj tayyorladi.

«O‘qchi» MFY raisi Martabaxon Jalilovaning so‘zlariga ko‘ra, qishloqdagi 955ta xonadonda jami 150 gektardan ortiq tomorqa mavjud. Yana 500 gektardan ortiq bog‘ maydonlarida sarxil mevalar yetishtiriladi. Qishloq aholisi asosan bog‘dorchilikda nom qozongan, aholining asosiy daromad manbayi ham shundan.

«Qishloqdoshlarimiz oilasi uchun qanday ehtiyoj bo‘lishidan qat'i nazar, shu bog‘dorchilik va dehqonchilik ortidan qondiriladi. Siz yozda bir keling, shaftolimi, gilosmi, o‘rikmi, qo‘yingki, barcha turdagi mevalarni topa olasiz», — deya mahalla raisi bizni qishloqdagi qulupnay paykallaridan biriga boshlab bordi.
Bog‘bon ayol Manzuraxon Meliyeva asli Andijondan. O‘qchiga kelin bo‘lib tushgan. U kelin bo‘lib tushgunicha ham, oila qulupnay yetishtirish bilan shug‘ullangan. Bog‘bon ayol turmush o‘rtog‘ining vafotidan keyin ham ushbu an'anani saqlab qoldi. U ikki o‘g‘li, bir qizi va kelinlari bilan qulupnay yetishtirishni davom ettirib kelmoqda.


Qulupnay asosan avgust oylarida ekiladi. Hosil mo‘l bo‘lishi uchun u 5 marta chopiq qilinadi.
Bu yil dalalarga qulupnayning «Charli», «Kobra», «Malina» va «Toshkent» navlari ekilgan. Qulupnayni issiqxonaga ham ekish mumkin, biroq uning mazzasi yer qulupnaynikidan ancha farq qiladi. Yer qulupnayning mazasi ham, daromadi ham yaxshi bo‘ladi.
«Qulupnaylarimiz asosan may oyida pishib yetiladi. 1 maydan sotuvga chiqadi. Bu yil biroz kechikdi, sotuv 6 maydan boshlandi. Bunga havoning sovuq kelgani sabab bo‘ldi», — deydi bog‘bon ayol.

















