Jahon | 14:57 / 26.05.2021
6196
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda chet ellik fuqarolarning mamlakatda vaqtincha bo‘lish muddati 5 iyun kuni tugaydi. O‘zbekiston bosh konsulxonasi tavsiyalar bilan chiqdi

Qozog‘iston vakolatli organlariga ko‘ra, 2021 yil 5 iyun kuni respublika hududida chet elliklarning vaqtinchalik qolish muddati tugaydi. 

Foto: Dunyo

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan xorijliklarning mamlakatdan chiqib ketishga imkoniyati bo‘lmagani bois, vaqtincha bo‘lib turish muddatlari bir necha marta uzaytirilgan edi. 

“Shu munosabat bilan chet elliklar va ularni taklif qilgan shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortilishining oldini olish maqsadida belgilangan muddatgacha Qozog‘iston Respublikasi hududida qolishni qonuniylashtirish so‘raladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston hukumati xabarida ayni paytda davlat chegarasidagi yer va havo qatnovlari odatiy tarzda faoliyat yuritayotgani qayd etilgan. Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Koreya Respublikasi, Ukraina, Turkiya, Misr, Germaniya, BAA, Niderlandiya, Gruziya, Chernogoriya va Shri-Lanka kabi 15 davlat bilan muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilgani aytilgan.

Ta'kidlanishicha, Qozog‘iston chegara xizmati chet ellik fuqarolarning mamlakatdan to‘siqsiz qaytishi uchun barcha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, O‘zbekistonning Almatidagi bosh konsulxonasi O‘zbekiston fuqarolariga Qozog‘iston hududida vaqtincha bo‘lib turish muddati tugagan bo‘lsa, o‘z yashash joyidagi ichki ishlar organlarida mamlakatda qolish holatini qonuniylashtirish yoki 2021 yil 5 iyundan oldin mamlakat hududini tark etishini tavsiya qilgan.

Mavzuga oid