O‘zbekiston | 12:01 / 27.05.2021
44548
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonlik deputatlar prezidentga videomurojaat yo‘lladi

Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov va mahalliy kengashning bir guruh deputatlari o‘rtasidagi ziddiyat ancha vaqtdan buyon davom etmoqda. Hokimning shahar hududidan tadbirkorlar va jismoniy shaxslarga yer ajratish to‘g‘risidagi ko‘plab qonunga zid qarorlari deputatlar qarshiligi sabab bekor bo‘lgandi.

Xalq deputatlari Andijon shahar kengashi deputatlari prezidentga mahalliy kengash mas'ullari tomonidan o‘zlariga o‘tkazilayotgan bosim va tazyiqlar hamda kengashning qonun va qonunosti hujjatlarga zid ravishda chiqarilayotgan qarorlaridan norozi ekanligini bildirib videomurojaat yo‘llashdi.

17 may kuni Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining navbatdagi sessiyasida bir guruh deputatlar tintuvdan o‘tkazilgani, sessiya kun tartibidagi masala shahar hokimining noqonuniy qarorlariga qarshi chiqayotgan va Andijon shahar prokurorini attestatsiyadan o‘tkazishni talab qilgan deputat Shuhratbek Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Sessiyada shahar prokurori taqdimnomasiga asosan deputatlarning ko‘pchiligi ovoz berishi evaziga Shuhratbek Karimov deputatlik daxlsizligidan mahrum etilgan. Yig‘ilishga kelgan barcha deputatlardan telefon va ovoz yozish moslamalari olib kirilmasligi talab qilinib, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan tintuv o‘tkazilgan.

Ushbu voqeadan bir oz muddat o‘tib, 21 may kuni Andijon shahar prokurori lavozimida ishlab kelgan adliya maslahatchisi Qurbonali Asqarov o‘z xohishiga ko‘ra bergan arizasiga asosan lavozimidan ozod qilindi.

“Qayd etish joizki, Q.Asqarovning lavozimidan ozod etilishi 2021 yil 17 may kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ro‘y bergan holatlar bilan bog‘liq emas”, deyildi Bosh prokuratura xabarida.

Eslatib o‘tamiz, shahar hokimi Bahrom Haydarovning 2020 yil sentyabrdagi 200 kvadrat metr yer maydonini yakka tartibda uy-joy qurish uchun ajratib bergani noqonuniy bo‘lgani bois viloyat adliya boshqarmasining taqdimnomasi va shahar prokurorining protesti asosida bekor qilingandi.

Shuningdek, Bahrom Haydarovning tashkil etilganiga 1 oygina bo‘lgan firmaga auksionsiz yer ajratib berish to‘g‘risida 2021 yil 10 apreldagi 80-sonli qarori qonun talablariga zid bo‘lgani bois qarori bekor qilindi.

Mavzuga oid