Jahon | 13:30 / 27.05.2021
5095
2 daqiqa o‘qiladi

Minskdan Barselonaga uchgan Belarus samolyoti Yevroittifoq havo hududiga kiritilmadi 

«Belavia» kompaniyasi Minsk-Barselona reysi bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi. Bort chegara yaqinida qolib ketib, o‘n marotabaga yaqin aylana yo‘nalishda parvoz qilgan va yonilg‘i tugashiga oz qolganda Minskdagi aeroportga qaytib ketgan.

Foto: grodnonews.by

«Belteleradiokompaniya» xabar qilishicha, 26 may kuni samolyot Polshaning havo hududiga kiritilmagan.

Samolyot chegara yaqinida qolib ketib, o‘n marotabaga yaqin aylana yo‘nalishda parvoz qilgan va yonilg‘i tugashiga oz qolganda Minskdagi aeroportga qaytib ketgan. Embraer-195 samolyoti bortida 55 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.

«Tashuvchi ushbu parvoz uchun barcha ruxsatnomalarga ega edi. Samolyot belgilangan muddatda aeroportdan havoga ko‘tarildi. Biroq, parvozdan uch daqiqa oldin Fransiya aviatsiyasi ma'muriyati ushbu reys uchun parvoz rejasini aviakompaniyani ogohlantirmasdan o‘chirib qo‘ydi. Havoga ko‘tarilish paytida bu ma'lumotlar komandirga Polsha Havo harakati boshqarmasi orqali yetkazildi. Marsel Havo harakati boshqarmasi bilan muzokaralar davomida havoda yo‘nalishni o‘zgartirishga urinishlar ijobiy natijaga olib kelmadi», deyiladi xabarda. 

Belarus Davlat chegara qo‘mitasi rasmiy vakili Anton Bichkovskiy ham vaziyatga izoh berdi.

«Davlat chegara qo‘mitasi va chegara xizmatining hududiy organlariga chet el fuqarolaridan doimiy yashash joylariga qaytishlari to‘g‘risida ko‘plab so‘rovlar kelib tushmoqda. Savollarning aksariyati bir qator aviakompaniyalar tomonidan parvozlarning bekor qilinishi, shuningdek, xorijiy davlatlar tomonidan Belarus Respublikasining havo hududi orqali parvozlarga taqiq kiritilishi bilan bog‘liq. Ushbu masalalar chegara xizmati vakolatiga kirmasligini ta'kidlaymiz», dedi u. 

Avvalroq, Yevropa ittifoqi sammitida Belarus aviakompaniyalarining Yevroittifoq aeroportlariga parvozi va YeI hududi bo‘ylab uchishini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi, shuningdek, Yevropa aviakompaniyalariga Belarus havo hududida parvoz qilishni rad etish tavsiya etildi. 

Mavzuga oid