Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning o‘zlari huquqingizni buzganda, dunyoqarashingizda jiddiy va shiddatli siljish sodir bo‘ladi. Ichki tizimingiz chalkash-chulkash bo‘lib ketadi desa ham bo‘ladi. Bunday o‘zgarishni majoz bilan tasvirlaydigan bo‘lsak, buni bir zamonlar sodir bo‘lgan, butunboshli qit'alar siljishiga – shiddatli tektonik harakatlarga o‘xshatsa bo‘ladi.

«Nega?» degan savol ichingizda ulkan, keng yelkali tog‘dek qad rostlaydi shunda. Mana shu «nega»ning zamirida bir dunyo ma'no bor.

«Huquq-tartibot idoralari: ichki ishlar, davlat xavfsizlik xizmati va boshqalar – avvalo shular emasmidi qonunni hurmat qilishi kerak bo‘lgan, «qonun» so‘zining ulkan ahamiyatini hammadan yaxshiroq tushunishi kerak bo‘lganlar?» Bu savollar aqlingizning yoqasidan oladi.

Shunda, aqlingiz qalbingizga nimadir javob berishga urinadi, biroq... dodingizni Xudodan boshqaga aytolmasligingizni, shikoyat qilsangiz shikoyatingiz baribir o‘sha qonunbuzarga qaytib kelishini bilib, jim qolasiz.

Shunda, nochor ahvolda qolgan vujudingiz, o‘zingiz bilmagan holda... bunga ko‘nika boshlaydi! Va eng mudhishi aynan shu – bunga ko‘nikib qolish! Chunki bunda sizning «davlat» tushunchasiga bo‘lgan qarashlaringizda siljish sodir bo‘lgan bo‘ladi, zero huquq-tartibot idoralari bu – davlatning ajralmas qismi, uning qo‘li, ko‘zi, oyog‘i.

Ko‘nikib qolishni nega eng mudhish holat deb baholadik? Chunki siz bunda ishonchsizlikka ko‘nikayotgan bo‘lasiz. Bunga ko‘nikkandan keyin siz faol, qalbi jo‘shib turadigan, yuzidan nur yog‘adigan bunyodkorlar jamiyati a'zosi emassiz, balki jamiyat ishlaridan o‘zini chetga olib qochadigan, imkon topib boshqa – «jamiyat» desa bo‘ladigan yurtlarga ketishni istaydigan kishiga aylanasiz.

Darvoqe, AQShga grin-karta bo‘yicha ketishni istovchilar soni bo‘yicha O‘zbekiston 5-o‘rinda ekan.

Bir savolga javob beraylik: huquq-tartibot idorasi xodimi uchun qachon qonun eng katta prioritetga, «otasi-yu onasiga» aylanadi, tepasidagi boshlig‘ining buyrug‘i emas, aynan qonun uning ongida ustuvorlikka ega bo‘ladi?

Zero aynan shundagina huquq-tartibot idorasi xodimi haqiqiy ma'noda huquq-tartibot idorasi xodimiga aylanadi, boshlig‘i qonunbuzarlikka chaqirganda ham o‘zini, o‘zligini yo‘qotmaydi.