Gretsiya poytaxti Afinadan Litva poytaxti Vilnyusga uchgan Ryanair samolyoti 23 may kuni Belarus osmonidan uchib o‘tayotganda qo‘ndirilgach, bu voqea ko‘p mojarolarni boshlab yubordi. Samolyot bortida bomba borligi aytilib, uni qo‘ndirish uchun qiruvchi samolyot ham jalb qilindi.

Hodisa Yevropada jiddiy xavotir uyg‘otdi. Yevropa Ittifoqi Belarus bilan aviaqatnovlarni to‘xtata boshladi. BMT Ryanair samolyotining majburan qo‘ndirilishini kuch ishlatib qo‘ndirish, deb baholadi. Chunki 1944 yilda qabul qilingan Chikago konvensiyasida yo‘lovchi samolyotlarni qiruvchi samolyot yoki prezident samolyotlari yordamida qo‘ndirishga ruxsat etilmagan.

Belarusda bu voqealarni bir qarashda zaharxanda bilan qarshi olishdi va go‘yoki bu mamlakat aviatsiyasiga jiddiy ta'sir qilmaganini aytishdi. Biroq Belarus aviatsiyasi xaos holatiga tushib qoldi. Yevropa osmoni Belarus samolyotlari uchun yopildi, «Belavia» uchoqlari sarson bo‘la boshladi.

Lukashenko bu muammoni Rossiya orqali yechishga qaror qildi. «Belavia» uchun Rossiyaga yangi parvozlar ochildi va belaruslar Yevropadan uyiga aynan Rossiya orqali qaytadigan bo‘ldi. Ya'ni ikkita samolyot almashib. Ryanair samolyoti bilan sodir bo‘lgan «yo‘lto‘sarlik» dunyo osmonidagi birinchisi emas. Quyida shunga o‘xshash voqealarni eslaymiz.

2013 yil. Boliviya prezidentining samolyoti Venaga qo‘ndirilishi. Undan Eduard Snouden qidiriladi

2013 yil 1 iyul kuni Boliviya prezidenti Evo Morales Moskvada gaz eksport qiluvchi davlatlar sammitida qatnashib qaytayotganda, uning samolyotini amerikalik harbiylar Avstriya poytaxti Venaga qo‘ndirishadi. Boliviya birinchi bortiga Yevropa havo hududiga kirishga ruxsat berishmaydi. Amerikalik harbiylar samolyotdan MRB sobiq agenti Eduard Snoudenni qidiradi. Chunki Amerikaning «sirlarini ochib tashlagan» Snouden Evo Morales samolyotida bo‘lgani haqida gaplar tarqalgandi. Keyinroq bu harakat uchun Boliviyadan uzr so‘rashadi.

Moralesning samolyotini qo‘nishga majbur qilish uchun qiruvchi samolyotdan foydalanilmagan. Shuningdek, prezident yuk yoki yo‘lovchi tashuvchi emas, balki hukumat samolyotida uchayotgandi. Bu voqeani Lukashenko bilan uchrashuvda Vladimir Putin ham esladi va o‘shanda jimlik kuzatilganini ta'kidladi.