Jahon | 17:00 / 08.06.2021
22600
1 daqiqa o‘qiladi

Almazbek Atamboyev og‘ir ahvolda ekanligi ma'lum qilindi

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Atamboyev infarktoldi holatida, shuningdek, eski kasalliklari qo‘zg‘agan.

Foto: AKIpress

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev zudlik bilan shifoxonaga yotqizilishi lozim. Bu haqda uning advokati Zamir Jooshev ma'lum qildi, deb xabar berdi 24.kg.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Atamboyev infarktoldi holatida, shuningdek, eski kasalliklari qo‘zg‘agan. Xususan, bel qismidagi og‘riqlar kuchaygan. Ammo bir oy avval tayinlangan sud-tibbiy ekspertizasi hali yakunlangani yo‘q.

Advokatning aytishicha, sudga 148 sahifadan iborat kasallik tarixi nusxasi taqdim etilgan.

"Almazbek Atamboyev kompleks davolanishga muhtoj. U koloniya sharoitida davolana olmaydi. Biz jazoning uy qamog‘iga o‘zgartirilishi yuzasidan bir necha marta so‘rov kiritdik. Ammo bizga rad javobini berishdi", - dedi Zamir Jooshev.

Eslatib o‘tamiz, Almazbek Atamboyevga nisbatan bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Sobiq prezident yanvarda tergov izolyatoridan koloniyaga o‘tkazilgandi.

Mavzuga oid